Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
JSTga a’zolik xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini ta’minlash imkonini beradi
11:35 / 2025-12-12

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni mamlakat iqtisodiy siyosatida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Bu jarayonda sanitariya va fitosanitariya choralarining xalqaro talablarga moslashtirilishi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bunday o‘zgarishlar nafaqat tashqi savdoda texnik to‘siqlarni kamaytirish, balki oziq-ovqat xavfsizligi va jamoat salomatligi tizimini tubdan yangilashni ham taqozo etadi. Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan so‘nggi ikki yilda keng ko‘lamli institutsional, normativ va texnik islohotlar amalga oshirildi.

Sanepidqo‘m markaziy apparatida JST masalalari bilan shug‘ullanuvchi maxsus bo‘linma tashkil etildi va JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha shtabga mutaxassislar biriktirildi. Bu institutsional o‘zgarishlar xalqaro normalarni milliy qonunchilikka joriy etishda muvofiqlashtirilgan yondashuvni ta’minlab, sohadagi ishlarni tizimli ravishda yuritishga xizmat qilmoqda.

JST talablariga mos ravishda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi normativ bazani yangilash ishlari izchil davom etmoqda. Codex Alimentarius standartlari va JSTning sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi bitimi talablarini inobatga olgan holda “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. U manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan va 2025 yil 5 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan. Ushbu qonun oziq-ovqat xavfsizligini “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida davlat tomonidan tartibga solishni belgilab, GHP, GMP kabi xalqaro me’yorlarni amaliy jarayonga joriy etishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, sanitariya-epidemiologik va veterinariya-sanitariya xulosalarini majburiy tarzda olish talabi bekor qilinmoqda. Bu esa ortiqcha ma’muriy yukni kamaytiradi va xalqaro savdodagi to‘siqlarni qisqartiradi.

Normativ bazani muvofiqlashtirish jarayonini chuqurlashtirish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq 4 ta ustuvor sanitariya-qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (SanQvaN) tasdiqlandi. Jumladan, pestitsid qoldiqlari, ifloslantiruvchi moddalarning ruxsat etilgan maksimal darajalari, oziq-ovqat qo‘shimchalari va hayvonot mahsulotlaridagi veterinariya dori vositalari qoldiqlariga oid tegishli standartlarga to‘liq uyg‘unlashtirildi. Oziq-ovqat biznesi operatorlarining reyestri va xavf tahlili asosida davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilib, Adliya vazirligida xulosa olish jarayonidan o‘tmoqda.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda laboratoriyalar imkoniyatlarini kuchaytirish alohida ahamiyatga ega. Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kreditlari hisobiga 62,7 mln. AQSH dollariga 9200 dan ortiq laboratoriya uskunalari xarid qilinmoqda. Bundan tashqari, respublikadagi 4 ta referens laboratoriyalarda 21,5 mln. dollarlik, hududiy 18 ta laboratoriyada 22,7 mln. dollarlik qurilish-ta’mirlash ishlari boshlangan. 2025 yilgacha 6 805 dona zamonaviy asbob-uskunalar laboratoriyalarga yetkazib berildi va o‘rnatildi. Bugungi kunda 27 ta laboratoriya ISO/IEC 17025:2017 standarti bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tgan. Shulardan 3 tasi Turkiyaning TURKAK akkreditatsiya markazi tomonidan akkreditatsiya qilingani xalqaro bozorda tahlil natijalarining tan olinishini ta’minlaydi.

Sanepidqo‘m faoliyatida raqamli texnologiyalar joriy qilinishi ham jarayonlarning shaffof va standartlashgan bo‘lishida muhim omilga aylandi. Joriy yilda 2,3 mln. AQSH dollarlik IT uskunalari xarid qilindi, “UZINFOCOM” bilan 800 ming dollarlik elektron tizimlar ishlab chiqilmoqda. Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sanitariya-epidemiologik xulosa talab qilinadigan ro‘yxati 415 turga qisqartirildi. Elektron reyestr va xavfga asoslangan nazorat tizimi oziq-ovqat biznesi operatorlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, monitoring qilish va elektron hujjat aylanishini yo‘lga qo‘yish imkonini berib, davlat nazoratining samaradorligini sezilarli ravishda oshirmoqda.

Mutaxassislar malakasini oshirish masalasi ham islohotlarning asosiy tarkibiy qismiga aylandi. 2025 yilning 11 oyida 218 nafar mutaxassis qayta tayyorlandi, 30 nafari xorijda malaka oshirdi. FAO, Codex Alimentarius Maqsadli jamg‘armasi, Yevropa Ittifoqining “ASK Facility” dasturi va Xalqaro savdo markazi kabi tashkilotlar hamkorligida 12 ta seminar va trening o‘tkazilib, 600 dan ziyod mutaxassis, olim va oziq-ovqat biznesi vakillari ishtirok etdi. Bu tadbirlar xalqaro standartlarni amaliyotga joriy etishda kadrlar salohiyatini mustahkamlashga xizmat qildi.

JSTga a’zo mamlakatlar tomonidan yo‘llangan sanitariya va fitosanitariya choralariga oid savollarga O‘zbekiston tomonidan o‘z vaqtida javoblar taqdim etib kelinmoqda. 2025 yil 4-7 noyabr kunlari Jenevada bo‘lib o‘tgan ishchi guruhning 11-yig‘ilishida O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida taqdimot o‘tkazilgani mamlakatning JST bilan ochiq va faol muloqotdan manfaatdor ekanini ko‘rsatadi.

Yuqorida qayd etilgan barcha tadbirlar O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini texnik va institutsional jihatdan ta’minlab, oziq-ovqat xavfsizligi sohasida zamonaviy, shaffof va xalqaro talablarga javob beradigan tizimni barpo etishga xizmat qilmoqda. Bu esa nafaqat tashqi savdoni yanada erkinlashtirish, balki mamlakat aholisi uchun xavfsiz va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini ta’minlashda ham muhim omil sifatida namoyon bo‘ladi.

Mohigul Qosimova, O‘zA