Bugungi kunda mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi masalasiga jiddiy e’tibor qaratilib, dadil qadamlar tashlanmoqda. Davlatimiz rahbarining sa’y-harakati natijasi o‘laroq, so‘nggi ikki yil davomida muzokaralar jarayoni yanada jadallashib, O‘zbekistonni JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhning 5 marotaba yig‘ilishi o‘tkazildi. Bugungi kunga kelib AQSH, Xitoy, Yaponiya, Turkiya, Braziliya, Saudiya Arabistoni kabi 24 dan ortiq JST a’zolari bilan milliy bozorimizga ushbu davlatlar mahsulotlari va xizmatlari kirishi shartlarini kelishish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar tugallandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish bo‘yicha komissiyasi tomonidan “O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishida qonun hujjatlarini takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda O‘zbekistonni JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakuniga yetkazishda qonunchilik islohotlarining o‘rni, amalga oshirilgan qonunchilik islohotlari yo‘nalishidagi ishlar atroflicha muhokama qilindi. Bu borada qonun chiqaruvchi va muzokarachilar guruhi o‘rtasidagi uyg‘unlikdagi hamkorlikni kuchaytirish, hamkorlikning samarali mexanizmlarini joriy etish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
Qayd etilganidek, birgina 2024 yilda bu borada 24 ta normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan 6 ta qonun qabul qilingan. Ular asosida 74 ta normativ-huquqiy hujjatlarga, shu jumladan 10 ta qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Shuningdek, 2025 yil davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan milliy qonunchilikni JST bitimlariga muvofiqlashtirish borasida tizimli faoliyat olib borilayotgani ta’kidlandi.

Jumladan, o‘tgan davrda quyi palata tomonidan intellektual mulk huquqini himoya qilish tizimini JSTning TRIPS bitimi talablariga muvofiqlashtirishga, bojxona qonunchiligida eng qulay rejimni qo‘llash bilan bog‘liq qoidalarni JSTning Tariflar va savdo bo‘yicha Bosh kelishuvi (GATT) qoidalari asosida takomillashtirishga, davlat boji to‘g‘risidagi qonunchilikni JST bitimlari talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan, shuningdek, JSTning Sanitar va fitosanitar tadbirlarni qo‘llash haqidagi bitimi asosida hamda Kodeks Alimentarius kabi xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihalari qabul qilingani ta’kidlandi.
Muhokamalar yakunida Qonunchilik palatasi va ijro hokimiyati faoliyatida rejalashtirilayotgan qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA