Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish har qanday davlat uchun faqat tashqi savdoni liberallashtirish emas, balki milliy huquqiy, institutsional hamda texnik infratuzilmani tubdan qayta ko‘rib chiqishni talab etuvchi murakkab islohotlar jarayoni hisoblanadi. Bu jarayonda eng katta o‘zgarishlar texnik jihatdan tartibga solish tizimiga to‘g‘ri keladi. Chunki, JST doirasida savdoga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillar bojxona tariflaridan ko‘ra, standartlar, texnik reglamentlar, sertifikatlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash bilan bog‘liq texnik to‘siqlar hisoblanadi.
GATT qoidalarida savdo erkinligining umumiy tamoyillari belgilab berilgan bo‘lsa, keyinchalik qabul qilingan kelishuvlar, xususan, texnik to‘siqlarga oid hujjatlar milliy texnik infratuzilmaning xalqaro talablarga muvofiqligini taqozo etadi. JST a’zolari o‘rtasidagi savdo munosabatlarida mahsulot sifati, xavfsizligi va muvofiqligini baholash usullarining o‘zaro tan olinishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa milliy texnik jihatdan tartibga solish tizimining xalqaro standartlashtirish, metrologiya va akkreditatsiya tizimlari bilan uyg‘unlashgan bo‘lishini talab qiladi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha milliy strategiyasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash tizimini xalqaro qoidalarga moslashtirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Bu jarayon faqat qonunchilikni yangilash bilan cheklanmay, balki institutsional tuzilmalar, laboratoriyalar, akkreditatsiya organlari, metrologiya xizmatlari hamda axborot almashinuvi mexanizmlarini qayta tashkil etishni ham o‘z ichiga oladi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, texnik to‘siqlar asosan standartlar, texnik reglamentlar va muvofiqlikni baholash tartiblarining xalqaro talablarga mos kelmasligi natijasida yuzaga keladi. Milliy standartlarning ISO, IEC, Codex, OIML kabi xalqaro hujjatlar bilan uyg‘unlashmaganligi eksportchi korxonalar uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Natijada, GATT va unga bog‘liq kelishuvlarda tovarlarning erkin harakatlanishi tamoyili belgilangan bo‘lsa-da, amaliyotda mahsulotlar texnik talablar sababli tashqi bozorlarga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘lib qolmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda texnik jihatdan tartibga solish tizimini isloh qilish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan. Shu bilan birga, JST talablari nuqtai nazaridan qaralganda, standartlashtirish, metrologiya, akkreditatsiya va muvofiqlikni baholash tizimlarini yanada chuqur transformatsiya qilish zarurati saqlanib qolmoqda. Xususan, muvofiqlikni baholash natijalarining xalqaro miqyosda tan olinishi uchun milliy akkreditatsiya organining xalqaro tashkilotlar bilan integratsiyalashuvi muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, texnik reglamentlarni ishlab chiqishda xalqaro standartlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish amaliyotini kengaytirish talab etiladi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, JST doirasida texnik to‘siqlarni bartaraf etish faqat huquqiy islohotlar bilan cheklanmasdan, metodologik yondashuvni ham o‘zgartirishni talab qiladi. Texnik jihatdan tartibga solish tizimi bozor iqtisodiyoti talablariga mos, shaffof va xalqaro standartlarga asoslangan bo‘lishi lozim. Jahon banki tahlillari rivojlanayotgan davlatlar JSTga a’zo bo‘lish jarayonida eng katta qiyinchilikni aynan texnik infratuzilmani qayta qurishda duch kelayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston sharoitida texnik jihatdan tartibga solish tizimini uyg‘unlashtirishda xalqaro standartlarni ustuvor qo‘llash, texnik reglamentlarni xavf-xatar tahlili asosida ishlab chiqish, muvofiqlikni baholash tizimini mustaqil va shaffof tashkil etish, axborot almashinuvini raqamlashtirish hamda notfikatsiya mexanizmlarini joriy etish muhim metodik tamoyillar sifatida belgilanmoqda. Shuningdek, TRIPS kelishuvida intellektual mulkni himoya qilish orqali mahsulot sifati va xavfsizligi masalalari texnik talablar bilan uzviy bog‘liq ekani qayd etilgan bo‘lib, bu sohaning innovatsiya va texnologiyalar bilan chambarchas aloqador ekanini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonida texnik to‘siqlarni bartaraf etishning asosiy yo‘li texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro talablar bilan chuqur va tizimli uyg‘unlashtirishdan iborat. Bu jarayon huquqiy, institutsional va metodologik o‘zgarishlarni qamrab oladi. Standartlashtirish, metrologiya, akkreditatsiya va muvofiqlikni baholash tizimlari xalqaro talablar asosida qayta tashkil etilgan taqdirdagina milliy mahsulotlarning jahon bozorida erkin harakatlanishi uchun mustahkam zamin yaratiladi.
Alisher Dodoyev,
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi mas’ul xodimi.