English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
JSTga aʼzo boʻlishda intellektual mulk himoyasi nima uchun kerak?
20:08 / 2020-07-04

Ayni shu mavzular doirasida Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazining masʼul xodimi Shahnoza ALMOSOVA bilan suhbatlashdik.


Intellektual mulk huquqlari himoyasi koʻlami va huquqni qoʻllash amaliyoti dunyoda bir-biridan farq qiladi. Kundan-kunga yangi savdo belgilari, xizmat koʻrsatish turlari va barcha sohalarda innovatsiyalar soni koʻpayib, Oʻzbekistonda ham intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilishda optimal himoya rejimini yaratishga ehtiyoj paydo boʻldi.

Ayni shu mavzular doirasida Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazining masʼul xodimi Shahnoza ALMOSOVA bilan suhbatlashdik.

– Bu masala koʻplab mamlakatlarda kontrafakt tovarlar keng tarqalganligi va qaroqchilikdan aziyat chekayotgan bir davrda global darajada har doimgidan-da dolzarblik kasb etmoqda, – deydi Sh.Almosova. – Maʼlumki, hozirgi kunda dunyo savdosining 90 foizidan ortigʻi Jahon savdo tashkiloti doirasida olib boriladi. Shu sababli, bu tashkilotga aʼzo boʻlish Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda. Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston qonunchiligini JSTning asosiy bitimlari talablari, jumladan, intellektual mulk huquqlarining savdoga oid jihatlari toʻgʻrisidagi bitimi (TRIPS) normalari bilan uygʻunlashtirish masalalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturida ham intellektual mulk faoliyatini rivojlantirishga alohida oʻrin ajratilgan. Jumladan, mamlakatimizda intellektual mulk muhofazasini taʼminlash, ijodkorlik muhitini qoʻllab-quvvatlash, ilm-fan, sanʼat, adabiyot va innovatsiyalar sohasini rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda muhim islohotlar olib borilmoqda.

Shunga qaramay, bu sohada qilinishi kerak boʻlgan ishlar va yechilishi lozim boʻlgan muammolar talaygina. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, oxirgi 5 yil davomida respublikamiz boʻyicha nohalol raqobat boʻyicha kelib tushgan shikoyatlar soni 7-martaga koʻpaygan.

Oʻzbekiston Respublikasi intellektual mulk huquqlari muhofazasi tizimining yana bir ogʻriqli nuqtasi bu sohadagi huquqbuzarliklar uchun yetarli mulkiy javobgarlik belgilanmaganligi huquqbuzarliklarning sodir etilishi davomiyligini keltirib chiqarmoqda. Bundan tashqari, huquq egasiga yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash boʻyicha ham oʻrnatilgan amaliyot mavjud emas. Bojxona maʼmuriyatining ham kontrafakt yoki qaroqchilik asosida oʻzlashtirilgan intellektual mulk obyektlari boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir choralarini qoʻllash borasidagi vakolatlari yetarli emas.

Shu oʻrinda, qonunlarimizni jahon standartlariga uygʻunlashtirish nafaqat respublikaning yirik moliyaviy tashkilotlarga integratsiyalashuvida, balki optimal muhofaza rejimini yaratishda muhim ekanligini taʼkidlash lozim.

– Jahon savdo tashkiloti intellektual mulk obyektlari muhofazasi borasida nimalarni nazarda tutadi?

– TRIPS – JSTni taʼsis etish haqidagi Marokash deklaratsiyasining GATT, GATS kabi ilovalaridan biri boʻlib, tashkilot doirasida intellektual mulk huquqlari masalalarini tartibga solib, intellektual mulk obyektlari savdosida aʼzo davlatlarga qulaylik yaratishga xizmat qiluvchi bitimdir. Mazkur bitim intellektual mulk va savdoning oʻzaro bogʻliqligi huquqiy tan olinishidir. Uning Butunjahon intellektual mulk tashkiloti emas, balki Jahon savdo tashkiloti tarkibiy qismi ekanligi ushbu bitimni imperativ normalar va majburiyatlar bilan mustahkamlaydi va JSTning nizolarni hal qilishning integratsiyalashgan va hamma uchun majburiy tizimiga bogʻlaydi.

JST aʼzo davlatlarga intellektual mulkning deyarli barcha obyektlariga muhofazaning minimum standartlarini aniq muddat doirasida joriy qiladi. TRIPS birinchilardan boʻlib xususiy sektorda yaratilgan intellektual mulkka katta urgʻu berdi va huquq egalarining shaxsiy nomulkiy huquqlaridan koʻra, mulkiy huquqlariga alohida eʼtibor qaratadi.

Bundan tashqari, TRIPSning preambula qismidagi aʼzo davlatlarga oʻz milliy huquqiy tizimlari va amaliyotlaridan kelib chiqib bitim qoidalarini implementatsiya qilish huquqi beriladi.

Yana bir shunday band davlatlarning sogʻliqni saqlash va oziq-ovqat tizimini himoya qilishga qaratilgan choralar koʻrish, ijtimoiy-iqtisodiy va texnologik rivojlanish uchun muhim boʻlgan sohalarga qiziqishni qoʻllab-quvvatlashga boʻlgan huquqlarni nazarda tutadi.

– Oʻzbekiston Respublikasida Jahon savdo tashkiloti talablariga mos muhofaza rejimini yaratish uchun qonunchilikda qanday oʻzgarishlar amalga oshirilishi kerak?

– Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini taʼminlashda intellektual mulk sohasidagi qonunchilikni tashkilotning TRIPS bitimi bilan uygʻunlashtirish normativ-huquqiy hujjatlarimizga bir necha masalalarda qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritishni taqozo qiladi. Bular:

birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi va maxsus qonunlarga bitimning 3-4-moddalarida koʻzda tutilgan boshqa aʼzo davlatlar fuqarolariga oʻz fuqarolaridan kam boʻlmagan munosabat koʻrsatish va savdolashuvchi davlatlar fuqarolariga nisbatan diskriminatsiyaga yoʻl qoʻymaslik (bir-biridan ajratmaslik)ni targʻib qiluvchi rejim haqidagi norma kiritilishi;

ikkinchidan, TRIPSning 25-moddasi 2-qismi tekstil dizayni himoyasini talab etadi va aʼzo davlatlar uni yo mualliflik huquqi asosida, yo sanoat namunasi sifatida qanunchilikda himoyani nazarda tutishlari lozim.

uchinchidan, “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi qonunda tovar belgisining hammaga maʼlum tovar belgisi sifatida eʼtirof etilishi uchun zarur mezonlar toʻla koʻrsatilishi va ushbu qonunda intellektual mulkning tovar kelib chiqqan joy nomlari va jugʻrofiy koʻrsatkichlar (Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida jugʻrofiy koʻrsatkichlar intellektual mulk obyektlari qatorida keltirilmagan) kabi alohida obyektlarini ajratib koʻrsatgan holda ular muhofazasining aniq chegaralarini belgilash;

toʻrtinchidan, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi qonunga mikroorganizmlar, biologik boʻlmagan va mikrobiologik jarayonlarni patentga layoqatli obyektlar qatoriga qoʻshish, shuningdek, sud organlarining usulga oid huquqbuzilish bilan bogʻliq maʼlum protsessual holatlarda isbotlash majburiyatini daʼvogardan javobgarga koʻchirish huquqi, yaʼni javobgarning oʻz yangi mahsulotining yangi patent bilan himoya qilinmagan usulda olinganligini isbotlash majburiyatini koʻzda tutuvchi band bilan toʻldirilishi;

beshinchidan, Jinoyat kodeksining 149-moddasini (Mualliflik va ixtirochilik huquqlarini buzish) tovar belgilariga boʻlgan huquqlar va patent huquqlarining buzilishini keltirib chiqaradigan xatti-harakatlar yuzasidan jinoiy himoya vositalari bilan toʻldirish;

oltinchidan, bojxona qonunchiligi boʻyicha bojxona organlariga taxmin qilinayotgan huquqbuzarlikka qarshi yex officio harakatini joriy etish (huquq egasining arizasidan qatʼi nazar, oʻz tashabbusiga koʻra tovar chiqib ketishini toʻxtatib turish chorasini qoʻllash vakolatini berish);

yettinchidan, qonunchiligimizda tovar belgilariga nisbatan kontrafakt tovar tushunchasini sharhlash va uni mualliflik va turdosh huquq obyektlarining soxta nusxalaridan farqlashdan iborat.

Bundan tashqari, mamlakatimizda Oʻzbekiston fuqarolari va xorijiy fuqarolar uchun patent bojlari miqdori ham bir-biridan farqlanadi. TRIPS bandlari bilan muvofiqlashtirilishi uchun ular ham bosqichma-bosqich tenglashtirilishi talab etiladi. Bunda bitimda nazarda tutilgan markaziy rejalashtirilgan iqtisodiyotdan erkin bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonidagi JSTning aʼzo davlati intellektual mulk tizimi islohotini amalga oshirishda sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish va ularni amaliyotga tatbiq etishga doir muammolarga duch kelishi munosabati bilan taqdim etiladigan oʻtish davri muddatidan foydalanish ayni muddao.

Xullas, JSTga aʼzo boʻlish Oʻzbekiston uchun islohotlarni samarali amalga oshirish va sogʻlom raqobatga asoslangan bozor iqtisodiyotini barpo etish uchun juda zarur.

OʻzA muxbiri
Barno MELIQULOVA suhbatlashdi.