Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Hindistonda kuzatilgan halokatli "Nipah" virusining yer yuzi bo‘ylab tarqalish xavfi kamligini aytib, sayohat yoki savdo cheklovi tavsiya qilinmasligini qo‘shimcha qildi.
Gonkong, Malayziya, Singapur, Tailand va Vetnam shu hafta kasallik tarqalishning oldini olish uchun aeroportlarda tekshiruvni kuchaytirdi.
"Reuters" xabar berishicha, JSST infeksiya xavfi yuqori emas, deb hisoblaydi. Hindiston virus avj olishini to‘xtatish imkoniga egaligi ham qo‘shimcha qilingan.
- Hozir xastalik odamdan odamga yuqishi holati ko‘paygani haqida hech qanday dalil yo‘q, - deyilgan maxsus bayonotda. Vaziyat Hindiston sog‘liqni saqlash idoralari bilan muvofiqlashtirilmoqda.
Binobarin, mamlakatning ayrim hududlari va qo‘shni Bangladeshda ko‘rshapalaklar orasida kezib yuradigan virus yana tarqalishi mumkinligi istisno qilinmayapti.
Ko‘rshapalaklar va cho‘chqalar olib yuradigan ushbu zararkunanda isitma va miya yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin, o‘lim darajasi 40-75 foiz. Hozircha bu kasallikka davo topilgani yo‘q.
Virus odamga hayvon, ko‘rshapalak yoki ifloslangan meva orqali yuqadi. Odamdan odamga yuqishi qiyin.
Virusologlar ta’kidlashicha, omma uchun xavf darajasi past. JSST ma’lumotiga ko‘ra, infeksiya manbai noma’lumligicha qolmoqda.
G.Sattorova, O‘zA