Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
JSST va Butunjahon qandli diabet jamg‘armasi bir nechta tibbiyot muassasalariga "fundus kamera" taqdim qildi
17:07 / 2024-10-24

JSST va Butunjahon qandli diabet jamg‘armasi qandli diabetning 2-turi bilan og‘rigan bemorlarda ko‘z sohasida kelib chiqadigan og‘ir asoratlarning oldini olish, eng muhimi, ko‘rlikka sabab bo‘ladigan diabetik retinopatiyani erta bosqichlarda aniqlash va tashxislashga yordam beradigan 4 dona ko‘chma, 1 ta statsionar "fundus kamera"ni Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga topshirdi.

Taqdimotda JSST O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Asheena Khalakdina, Sirdaryo viloyat hokimligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining tegishli soha xodimlari ishtirok etdi.

“JSST hamda Butunjahon qandli diabet jamg‘armasi tomonida pilot loyiha sifatida Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, unga qarashli Boyovut, Oqoltin va Sardoba tumanlari tibbiyot birlashmalari hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialiga taqdim etilgan "fundus kamera" qandli diabetning 2-turi sabab kelib chiqishi va ko‘rlikka sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan diabetik retinopatiyaning og‘ir asoratlari oldini olishda nihoyatda qo‘l keladi. Chunki, diabetga chalingan barcha bemorlar uchun diabetik retinopatiya skriningi ko‘rish qobiliyatining buzilishi va ko‘rlikning oldini olishning eng samarali usuli hisoblanadi. Bunda Sirdaryodagi tibbiyot muassasalarga pilot loyiha sifatida taqdim etilgan "fundus kamera" nihoyatda qul keladi" dedi JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari.

Taqdimotda Ko‘zi ojizlikning oldini olish xalqaro agentligi, unga tegishli Vision Atlas ma’lumotlariga e’tibor qaratildi. Unda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda 3,3 million kishi ko‘rish qobiliyatining pasayishiga duch kelgan. Ulardan 94 ming nafari turli sabablarga ko‘ra, shu jumladan, diabetik retinopatiya tufayli butunlay ko‘r bo‘lib qolgan.

Diabetik retinopatiya (DR) JSST Yevropa mintaqasi va Markaziy Osiyoda ko‘rish qobiliyatining buzilishi va ko‘rlikning asosiy sabablaridan biri bo‘lib, taxminan 950 ming kishini qamrab olgan. Bu kasallikka o‘z vaqtida tashxis quyilmasa, davolanmasa, ko‘rsatkich bundan ham baland bo‘lishligi ta’kidlandi.  

Afsuski, O‘zbekistonda 2-tur qandli diabet tufayli yuzaga keladigan to‘r parda shikastlanishini aniqlash uchun rejali tekshiruvlar keng tarqalmagan. Natijada ko‘plab bemorlarda kasallik juda kech bosqichga yetguncha tashxis qo‘yilmay qolmoqda. Ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish nafaqat hayot sifatining yomonlashishi, balki inson salomatligiga jiddiy tahdiddir. Diabetik retinopatiyani skrining orqali erta tashxislash muammoni davolash eng samarali bo‘lgan dastlabki bosqichlarda aniqlashga yordam beradi. Bu oddiy tekshiruv ko‘rlikning oldini olib qolmay, minglab kishilarga to‘liq va faol hayot kechirish imkonini beradi.

–JSST va Butunjahon qandli diabet jamg‘armasi tomonidan Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalarga taqdim etilgan ko‘chma va statsionar "fundus kamera" nafaqat qandli diabetning 2-turi, ko‘z sohasida muammosi bor bemorlarda skrining o‘tkazib, retinopatiya tashxisi qo‘yilgan bemorlar Gulistondagi yoki Toshkentdagi ko‘z mikroxirurgiyasi markazlariga lazerli korreksiya uchun yuboriladi. Bu esa, diabetik retinopatiya sabab kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ko‘rlikning oldini oladi,–dedi taqdimotda ishtirok etgan Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh oftalmologi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Azamat Yusupov.

Quvonarlisi, bundan bir muddat oldin, JSST tashabbusi bilan diabetik retinopatiya, uni erta bosqichlarda aniqlash, davolash yuzasidan Sirdaryoda 3 kunlik o‘quv-amaliy seminar tashkil etilib, sirdaryolik mutaxassislarga diabetik retinopatiyani tashxislash va davolashda qo‘llanilayotgan "fundus kamera", undan foydalanish jihatlari o‘rgatilgan edi.

–JSST O‘zbekiston vakolatxonasi tomonidan shifoxonamizga topshirilgan "fundus kamera" oftalmologiya sohasida keng foydalanib kelinayotgan raqamli diagnostika vositasi bo‘lib, uning yordami bilan ko‘zning tubiga tashxis qo‘yiladi, shu bilan vaziyat haqidagi barcha ma’lumotlar to‘liq rangli fotografik tasvirda takrorlanadi. Ushbu birlik oftalmologiyaning eng ishonchli vositalaridan biri bo‘lib, aniq tashxis qo‘yish va har qanday noaniqliklarni aniqlash uchun ishlatiladi. Bu bilan nafaqat qandli diabetning 2-turi sabab kelib chiqadigan retinopatiyani, glaukoma, retinaning patologiyasi, ko‘z olmasi bilan bog‘liq har qanday kasallikka tashxis quyish mumkin,–deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filiali oliy toifali oftalmologi Komiljon Xolyigitov.

[gallery-19966]

Taqdimotda sog‘liqni saqlash sohasi, viloyat hokimligi vakillari sirdaryolik oftalmologlarga taqdim etilgan "fundus kamera"ning imkoniyatlari to‘g‘risida gapirib, JSST va Butunjahon qandli diabet jamg‘armasi rahbarlariga o‘z minnatdorchiligini bildirishdi.  

G‘ulom Primov, Sh. Ortiqboyev(surat),

O‘zA muxbirlari