Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
JSST shtab-kvartirasi departamenti vakillari bilan muhim masalalar muhokama qilindi
11:28 / 2024-10-16

Xizmat safari bilan Hindistonda bo‘lib turgan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov, JSST shtab-kvartirasi Tartibga solish va prekvalifikatsiya departamentining Tartibga solish va xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i bilan muhim uchrashuv o‘tkazdi.

Markaz matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda bir qator dolzarb masalalar, shu jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi faoliyatida benchmarking jarayonini qo‘llab-quvvatlash hamda Markaz laboratoriyalarini JSST tomonidan prekvalifikatsiyadan o‘tkazish imkoniyatlari keng muhokama qilindi. Shu bilan birga, farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashda xalqaro standartlarni joriy etish va o‘zaro tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv davomida Markaz xodimlari uchun dolzarb mavzularda treninglar va seminarlar tashkil etish masalalari ham ko‘tarildi. Ushbu seminar va treninglar xodimlarning malakasini oshirish, sohadagi eng so‘nggi yangilik va tajribalarni ulashish maqsadida JSST bilan hamkorlikda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani ta’kidlandi. Bu esa Markazning xalqaro me’yorlar asosida faoliyat yuritish salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

JSSTning Markazga texnik yordam ko‘rsatish va laboratoriyalarimizni xalqaro talablarga muvofiq sertifikatlash yo‘lida ko‘rsatadigan yordami mamlakatimiz farmatsevtika sohasining jadal rivojlanishiga katta hissa qo‘shishi kutilmoqda. Alisher Temirov ta’kidlaganidek, ushbu hamkorlik nafaqat milliy, balki mintaqaviy farmatsevtika xavfsizligi tizimining takomillashtirilishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Yakunda JSST bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, shuningdek, farmakonazorat va farmatsevtika mahsulotlarini xalqaro talablarga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.

Mohigul Qosimova, O‘zA