Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
JSST mamlakatimiz tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritdi
10:42 / 2021-09-14

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy qo‘mitasining 71-sessiyasida mamlakatimiz tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritdi.

Tadbirda JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosiga a’zo bo‘lgan 53 davlatdan nufuzli mas’ullar va sog‘liqni saqlash vazirlari, hamkor tashkilotlar va fuqarolik jamiyatlari vakillari qatori o‘zbekistonliklar ham faol ishtirok etdi.   

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ta’kidlashicha, yurtimiz nomidan vazir Abduhakim Xojiboyev qatnashib, mamlakatimizda soha bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar, aholi salomatligini asrash borasidagi xalqaro miqyosdagi masalalarning O‘zbekistonda amalga oshirilishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.  

 Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, tibbiyot sohasidagi keng qamrovli masalalar, kelgusi faoliyat yo‘nalishlarini muhokama qilishdir. Sessiyada o‘tgan yili Yevropa mintaqaviy qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan, 2020–2025 yillarga mo‘ljallangan “Yevropa aholisi salomatligini yaxshilash bo‘yicha hamkorlikdagi chora-tadbirlar” ish dasturini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.  

 

Shuningdek, Yevropa mintaqasida sog‘liqni saqlash sohasining holati, pandemiya davridan olingan saboqlar: yuqumli kasalliklar yangi turlarining tarqalishi ehtimoliga tayyorgarlik, pandemiya davrida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmatining o‘rni, immunizatsiya yo‘nalishidagi vazifalar kabi masalalar diqqat markazida bo‘ldi.  

 Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda koronavirusga chalingan bemorlarni davolashdan tortib, ayni kunlarda olib borilayotgan vaksinatsiya jarayonlarini olib borish hamda aholini emlash tadbirlariga jalb etishda, karantin tadbirlarini tashkil etishda bevosita JSST tavsiyalariga amal qilinmoqda.  

 Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy qo‘mitasining 71-sessiyasi 15 sentyabrga qadar davom etadi.  

 

Mohigul Qosimova, O‘zA