JSST: koronavirus tufayli o‘lim holatlari yana ko‘paymoqda
COVID-19 tufayli o‘lim holati ikki oydan buyon ilk bor yana ko‘paymoqda, deb bayonot berdi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus.
Uning ta’kidlashicha, Yevropada virus yuqtirish holati kamayganiga qaramay, o‘lim holati ko‘paymoqda.
"Bu COVID-19 pandemiyasining hali-beri tugamasligini yana bir bor eslatadi", – deyiladi bosh direktorning JSST saytida e’lon qilgan bayonotida.
Xabarda ta’kidlanishicha, infeksiyaning tarqalish sabablaridan biri turli mamlakatlar va mintaqalarda pandemiyaga qarshi olib borilayotgan kurash turli darajada kechayotganidir.
JSST tarqatgan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, hozir jahonda koronavirusga chalinganlar soni 244 million kishidan oshgan. Ularning 4,95 millioni hayotdan ko‘z yumdi. Vaziyat ayniqsa AQSH, Hindiston va Braziliyada murakkabligicha qolmoqda.