Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedro Adanom Gebreyesus Isroil blokadasi sabab G‘azo sektoridagi mahalliy aholi ochlikdan aziyat chekayotganini ta’kidladi.
Uning aytishicha, G‘azo aholisi “bombalar va o‘qlardan tashqari yana bir qotil – ochlik bilan” ham duch kelmoqda.
JSST rahbari 2025 yilda to‘yib ovqatlanmaslikning “o‘sishi” kamida 21 bolaning o‘limiga sabab bo‘lganini aytdi, ammo bu raqam aysbergning uchi bo‘lishi mumkin xolos.
– Men buni ommaviy ocharchilikdan boshqa nima deb atashni ham bilmayman, -deydi JSST vakili Rik Piperkorn. – Bu blokada tufayli G‘azodagi uy xo‘jaliklarining 95 foizi jiddiy suv tanqisligiga duchor bo‘lmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT va uning gumanitar sheriklari joriy yil mart va may oylari orasida deyarli 80 kun davomida hududga hech qanday oziq-ovqat yetkazib bera olmagan.
Isroil hukumati matbuot kotibi “Sky News” nashriga bergan intervyusida oziq-ovqat tanqisligi XAMAS tomonidan ishlab chiqilgani va ayni paytda G‘azoda ocharchilik yo‘qligi haqida gapirdi.
Qiziq jihati, G‘azoga kiradigan barcha ta’minotni nazorat qilayotgan Isroil oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar taqchilligi uchun javobgarlikni rad etmoqda.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Falastin hududida “ochlik har bir eshikni taqillatmoqda” dedi va vaziyatni “dahshatli shou” deb baholadi.

M.Pirmatova tayyorladi.
O‘zA