O‘zA avval xabar berganidek, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrelning Samarqandda bo‘lib o‘tadigan “YeI – Markaziy Osiyo” xalqaro konferensiyasida ishtirok etishi kutilmoqda. Mazkur muhim siyosiy voqea arafasida muxbirimiz internet manbalaridan ushbu dunyoga taniqli shaxs hayoti va faoliyatiga oid eng e’tiborli ma’lumotlarni to‘plashga harakat qildi. Aytgancha, mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov shu yil sentyabr oyi boshida Bryusselda Jozep Borrel bilan uchrashigan.
2019 yil 1 dekabrdan buyon Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti lavozimida faoliyat olib borayotgan Jozep Borrel Fontele 1947 yil Ispaniyaning hammamiz yaxshi biladigan o‘sha mashhur mintaqasi - Kataloniyaning Leyda provinsiyasi Pobla de Segur qishlog‘ida nonvoy oilasida tug‘ilgan. Jozepning buvasi ko‘p yillar Argentinada do‘kon yuritgan, otasi sakkiz yoshida Ispaniyaga qaytib kelgan. Darvoqe, Jozep Borrel ham 2019 yil Argentina fuqaroligini qabul qildi.
“Partido Socialista Obrero Español” – PSOE, ya’ni Ispan ishchilari sotsialistik partiyasiga a’zo bo‘lgan qahramonimiz politexnika universitetida aviatsiya muhandisligi yo‘nalishida tahsil oladi. AQSHning Stenford universiteti operativ tadqiqot, Parijdagi Fransuz neft instituti iqtisodiyot yo‘nalishlari magistri hisoblanadi. Ilmiy ishini iqtisod fani bo‘yicha olib borib, Madrid Komplutense universitetida himoya qilgan. Hozir mazkur universitet professori hisoblanadi.
Siyosatga 1979 yil kirib kelgan Jozep Madrid hokimligi g‘aznachilik boshqarmasi mas’ul deputati etib saylanadi. 1982 yil G‘aznachilik vazirligida Davlat byudjeti hamda sarf-xarajat masalalari bo‘yicha bosh kotib lavozimiga tayinlanadi.
1984 yil Jozep Borrel “PSOE” vakili Felipe Gonzales boshqaruvidagi davlat g‘aznasi kotibligiga qo‘yiladi va yetti yil mobaynida shu vazifani bajaradi. Bu davrda Borrel soliq firibgarligiga qarshi ayovsiz kurash olib boradi. Mamlakatning bir qator mashhur aktyor va aktrisalari ham javobgarlikka tortilishi jamoatchilik e’tiborini tortmay qo‘ymadi, albatta. Shu tariqa, 1986 yildan tajribali iqtisodchi Barselona deputati sifatida Kongressda ish boshlaydi.
1991 yildan Jamoat ishlari, transport va atrof-muhit vaziri, 1994 yildan Ispan ishchilari sotsialistik partiyasi Ishchi komissiyasi Siyosiy harakatlar qo‘mitasi a’zosi, 1997 yildan esa partiyaning Federal ishchi komissiyasi hamda Federal qo‘mitasi vakili vazifalarini bajargan.
1998 yilga kelib, Jozep Borrel partiyaning hukumatdagi vakili etib tayinlanadi. 1999 yil may oyida Borrelning sobiq xodimlari Xose Maria Uguyet hamda Ernesto Agilar soliq to‘lashdan qochganligi ma’lum qilinib, ayni voqea ortidan Jozep hukumatdagi partiya vakilligidan bosh tortadi va iste’fo beradi. Shu yilning o‘zida Yevropa Ittifoqi uchun Kongress-Senat qo‘shma komissiyasi rahbari etib tayinlanadi.
2002 yildan Ispaniya parlamentining Yevropa konvensiyasidagi vakili sifatida Yevropa Ittifoqi kelajagi uchun qayg‘ura boshlaydi. 2004 yil “Partido Público” - Xalq partiyasining saylovdagi g‘alabasidan so‘ng “PSOE” partiyasining hukumatdagi yagona a’zosi bo‘lib qoladi.
Yevropa parlamenti prezidenti
2004 yil iyuldan 2007 yil iyulgacha Yevropa parlamenti prezidenti lavozimida faoliyat olib borgan Jozep Borrel ushbu lavozim uchun raqobatda 388 ovoz bilan polshalik Bronislav Geremekni ortda qoldirgan. Borrel Enrike Baron (1989-1992) va Xose Mariya Gil-Robles (1997-1999)dan keyin mazkur institutga rahbarlik qilgan uchinchi ispaniyalik hisoblanadi. U 2010 yil Florensiyadagi Yevropa universitetlari instituti rahbarligiga qo‘yiladi.
2017 yil yana siyosat maydoniga qaytgan Borrel mamlakatda bo‘lib o‘tgan referendumdan keyin Barselonada yuzaga kelgan namoyishlar to‘xtatilishida asosiy shaxs rolini o‘ynaydi va Ispaniyaning bir butunligini asrab qolish uchun kurashadi.
Ispaniyalik jurnalist Inigo Alfonsoga bergan intervyusida o‘sha davr haqida so‘zlar ekan, Borrel shunday ta’kidlaydi: Ispaniyada ro‘y bergan voqealar Yevropaning har qanday mamlakatida kuzatilishi mumkin, bu globallashuv ta’siridir. Men mazkur voqealar asnosida Ispaniya po‘st tashlaganini ko‘rdim!
Zamon bilan hamnafas bloger
Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel nafaqat yetuk siyosatchi, balki mohir bloger ham. “Una ventana al mundo” nomli blogni faol yuritib boradigan siyosatchi mazkur sahifa orqali o‘z faoliyati, intervyulari, shaxsiy fikri bayon etilgan maqolalari, video chiqishlari hamda turli bahs-munozaralarni, qolaversa, Yevropa tashqi siyosati bilan bog‘liq ayrim ma’lumotlarni ham joylab boradi.
Mahfuza Ortiqova tayyorladi,
O‘zA