Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Jo‘yrabod”da tez tibbiy yordam tayanch punkti ochildi
20:44 / 2023-12-01

Respublika tez tibbiy yordam markazi Buxoro viloyati filialining Shofirkon tumani tez tibbiy yordam stansiyasiga qarashli “Jo‘yrabod” tayanch punkti foydalanishga topshirildi.

So‘zga chiqqanlar sohada ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar aholiga tibbiy xizmatni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishini e’tirof etdi. Muassasada yaratilgan shart-sharoit, tibbiy vositalar ko‘zdan kechirildi. Mahalliy tibbiyot xodimlariga zarur tavsiyalar berildi.  

Respublika tez tibbiy yordam markazi viloyat filialining Shofirkon tuman stansiyasida bugunga kelib 13 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholiga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Shundan bittasi ixtisoslashgan reanimatsion  brigada hisoblanadi. Mazkur tibbiyot stansiyasi markaz hamda 9 ta shoxobchadan iborat. Ushbu markazda 4 ta tez tibbiy yordam brigadasi bo‘lib, qolgani tuman hududlaridagi oilaviy poliklinikalar tarkibida faoliyat yuritmoqda.

[gallery-14859]

–Shofirkon tumani tez tibbiy yordam stansiyasining “Jo‘yrabod” tayanch punkti tuman markazidan 7 kilometr uzoqlikda joylashgan, –deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Akmal Shobekov. –Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish radiusi 12 kilometrni tashkil etadi. “Jo‘yrabod” oilaviy shifokorlik punktining avvalgi binosida joylashgan punktga yetarlicha tibbiy asbob va uskunalar, zarur vositalar yetkazib berilib, ko‘rsatilayotgan xizmat sifati oshirildi. Bu esa hudud aholisining soha xodimlari sa’y-harakatiga nisbatan ishonchi ortishiga sabab bo‘lmoqda. Ayni shunday tez tibbiy yordam tayanch punktlaridan yana biri tumanning Kalon mahallasida ham tashkil etildi. “Kalon” tayanch punkti tuman markazidan 5 kilometr  uzoqlikda joylashgan bo‘lib, ayni paytda 14 mingdan oshiq aholiga tezkor tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Shu kunga qadar ijara binoda faoliyat olib borgan mazkur tayanch punkti endilikda moslashtirilgan konteynerda zarur barcha qulaylikka ega.  

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari