Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joylardagi turli masalalarga deputatlar ishtirokida yechim topilmoqda
18:19 / 2022-02-26

Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okruglarida faoliyat olib bormoqda.

Xalq vakillari joylarda aholi bilan muloqot qilib, ularning turmush tarzi va muammolarini o‘rganyapti. Yechimini kutayotgan masalalar bo‘yicha tegishli tartibda choralar ko‘rilmoqda.

Deputat Nigora Qutlimuratova Hazorasp tumanidagi Shovot mahallasi aholisi bilan uchrashib, ular bilan yaqindan muloqot qildi.

Deputat Prezidentimizning 2021 yil 3 dekabrdagi tegishli qarorining ijrosini o‘rganish maqsadida mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan qiziqdi.

Xalq vakili shu mahallada yashovchi Laylo Matyaqubovaning xonadonida bo‘lib, yangi tashkil qilingan issiqxona faoliyati bilan tanishdi. Deputat tadbirkor bilan suhbat qilar ekan, issiqxona faoliyatini yanada kengaytirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berdi. Shuningdek, xonadon sohibasining muammolari bilan ham qiziqdi.

Hazorasp tumani Yangibozor mahallasida joylashgan 47-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan muloqotlar chog‘ida fuqarolar tomonidan bir qator murojaatlar ko‘tarildi. Ularning aksariyati shu yerning o‘zida hal etilgan bo‘lsa, ayrimlari deputat nazoratiga olindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Barno Mirzamova esa namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Namangan shahridagi Gulbog‘ mahallasi aholisi bilan bo‘lgan muloqotlar davomida kanalizatsiya tarmog‘ini tortish, elektr energiyasidagi uzilishlarni bartaraf etish, uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratish, suv quvurlarini ta’mirlash, ichki yo‘llarni asfaltlash kabi qator murojaatlar kelib tushdi.

Deputat ko‘tarilgan masalalarni atroflicha o‘rgandi, ayrim murojaatlarga joyida yechim topgan bo‘lsa, vaqt talab etadiganlari nazoratga olindi.

Shahardagi Yakkasada mahallasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mutasaddi tashkilot vakillarining ishtirok etgani fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan muammolarning ko‘pini shu yerning o‘zida birgalikda hal etish imkonini berdi.

Parlament quyi palatasi deputatlari har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini teran anglagan holda joylarda ko‘tarilayotgan katta-kichik barcha masalalarni ijobiy hal etishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Muhtarama Komilova, O‘zA