Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joylarda kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilmoqda (+video)
20:14 / 2025-07-15

Bugungi kunda yurtimizda ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish orqali oilalarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi sabablarni bartaraf etish va oila a’zolariga mehnat qilishiga sharoit yaratish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalarning oila qaramog‘ida qolishini ta’minlash va ularni kunduzgi parvarish xizmati bilan qamrab olishga alohida e’tibor berilmoqda.

Bunda Prezidentimizning 2025 yil 3 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini bajarmoqda. 

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida barcha hududlarda bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yilmoqda. Navoiy viloyati Navbahor tumanida ham tadbirkor Nafisa Qambarova tomonidan “Logo-nutq” MCHJ tashkil etilib, kunduzgi parvarish xizmati faoliyat ko‘rsata boshladi.

Barcha sharoitlarga ega muassasada 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tengdoshlari bilan muloqotga kirishib, qo‘shimchasiga ularga psixologik va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

[gallery-24323]

– Markazimizni tashkil etishdan maqsad nogironligi bo‘lgan bolalar uchun qulay sharoitlar yaratish, bolajonlarimizni kelajakda sog‘lom bo‘lishi, rivojlanishiga yordam berish, – deydi N.Qambarova. – Xonalarimizni bolajonlarimizning xavfsizligi uchun maxsus tutqichlar, qoplamali yostiqchalar bilan jihozlaganmiz. Bu jismoniy davolashga mo‘ljallangan nevrointegratsiya xonamiz. Bundan tashqari, bizda logoped mashg‘ulotlari, ergoterapiya, LFK mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Bularning barchasi bolajonlarimiz uchun tashkil qilingan. Bolajonlarimizning keladigan masofasi uzoqligini hisobga olgan holda transport xizmatini yo‘lga qo‘yganmiz. Markazimizga keladigan bir bolajonimizning onasini ish bilan ta’minlaganmiz. Faoliyat yuritadigan xodimlarimiz oliy ma’lumotli pedagoglar, logoped va defektologlar hamda yordamchi tibbiyot xodimlaridan iborat. Markazimiz 36 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda 14 nafar bola bilan faoliyat olib boryapmiz. 

Muassasada tarbiyachilar tomonidan turli xil rivojlantiruvchi mashg‘ulotlarning tashkil etilayotgani esa bolalarda yangi hayotiy ko‘nikmalar shakllanishida yordam bermoqda.

– O‘g‘lim tug‘ilganidan poytaxtga, Samarqand va Buxoroga olib borib, tibbiy muolajalar oldik, – deydi Iqbol Primova. – Maktabga chiqish yoshiga yetganligi uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tashkil etilgan kunduzgi parvarish xizmatiga berdim. Xizmatning sharoitlarini ko‘rib, tanishdim. Yotoqxonalari bolalarga mos qilib jihozlangan. O‘zim oliy ma’lumotliman. Ikkita diplomim bor. Lekin o‘g‘limda nogironlik bo‘lganligi bois ishdan bo‘shaganman. Endi o‘g‘lim shu yerga o‘rganib, kunduzgi parvarish xizmatiga moslashsa, men ham ishga chiqmoqchiman. 

Asosiysi endi doimiy ravishda farzandining yonida bo‘lgan onalar uy-ro‘zg‘or ishlariga, shuningdek, o‘zi uchun ham vaqt ajrata oladi. Kasb o‘rganishga, hunar egallashga imkoni bo‘ladi. Ishlab jamiyatga qo‘shilib, oilasiga daromad olib kelishi mumkin.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/H1b0HxmwPZQ" title="Joylarda kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari