Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyevning navbatdagi shaxsiy qabuli navbatdagi rasmiy tadbir sifatida emas, balki fuqarolarning dardi tinglanib, muammolariga amaliy yechim topilgan ochiq muloqot sifatida o‘tdi. Viloyatning turli shahar va tumanlaridan kelgan aholi vakillari bu gal o‘z masalalari qog‘ozda emas, amaliy qarorlarda aks etayotganiga guvoh bo‘ldi.
Qabul jarayoni jonli muloqot, aniq savol va ochiq munosabat ruhida kechdi. Uy-joy, ish bilan ta’minlash, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, kommunal xizmatlar bilan bog‘liq masalalar fuqarolar tomonidan bevosita ko‘tarildi. Eng muhimi, murojaatlar umumiy gaplar bilan emas, mas’ul tashkilotlar va idoralar vakillari ishtirokida, joyida tahlil qilinib, yechimlar belgilab berildi.
Qabul davomida 100 ga yaqin fuqaroning murojaatini viloyat hokimi shaxsan o‘zi tingladi. Ayrim masalalar shu zahotiyoq ijobiy hal etildi, boshqalari bo‘yicha esa aniq muddatlar, mas’ullar va ijro mexanizmi belgilab berildi. Har bir murojaat nazoratga olinib, “keyin ko‘ramiz” degan mavhum yondashuvga o‘rin qoldirilmadi.

Qabulda ko‘rilgan masalalardan kelib chiqib, viloyat rahbari mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga murojaatlarni chuqur o‘rganish, fuqarolarni sarson qilmasdan, muammolarni tizimli hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi. Shuningdek, joylarda aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish, bunday qabullarni faqat tadbir sifatida emas, natijaga yo‘naltirilgan ish usuliga aylantirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Aytish joizki, bunday ochiq va amaliy qabullar fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, jamiyatda adolat va mas’uliyat tamoyillarini kuchaytiradi. Eng muhimi, odamlar o‘z dardi eshitilayotganini, muammosi e’tiborsiz qolmayotganini his qiladi. Bu esa islohotlarning hayotbaxsh samarasini namoyon etadi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA