Bugungi kunda bizga juda aziz va qadrli joy nomlari zamirida ibratli tarix borligini tushunishimiz lozim bo‘ladi. Chunki ularning qanday ekanini nomining o‘zi ifoda etib turadi.
Joy nomlari asosan bizda turkiy va forsiy o‘zakka ega toponimlar hisoblanadi. Bu toponimlarni hozirgi davrga kelib bu turkiy-bu forsiy deb ajratish holatlari kuzatiladi. Ilgari unday bo‘lmagan. To‘g‘ri qo‘shni davlatlarda o‘z milliy siyosatiga moslashtirish yo‘lidan borib, juda ko‘p turkiy toponimlar o‘zgartirib yuborilganiga ham guvoh bo‘ldik.
Lekin biz bu darajaga tushmasligimiz lozim va lobuddir. Garchi mamlakatimizda muayyan joy nomi arabiy yoki forsiy shaklda bo‘lsa ham o‘sha toponim ulkan ma’no bilan tarixdan so‘zlaydi.
Joy nomlarida asrlar davomida mamlakatda ro‘y bergan tarixiy va ijtimoiy o‘zgarishlar aks etgan bo‘ladi. Shu sababli ularini tushunib-tushunmay yoki ulardan uyalib almashtirish yaramaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ana shunday joy nomlari ustidan masxaralash, kamsitish holatlari ham kuzatiladi. Masalan, “Kampir o‘ldi”, “Enam yaxshi”, “Ichak”, “Qayqi”, “Qarg‘alar”, “Serka qirildi”, “Tanga topdi”, “Ana-muna” “Qanchig‘ali”, “Evalak” degan joy nomlaridan ayrimlar kulsa, aynan o‘sha hududlarda yashovchi guruhda uyalish holati kuzatiladi. Uyalish kerak emas, o‘sha nomlari tarixini o‘rganib, masxaralovchilarga munosib javob berish lozim bo‘ladi. Ilgari O‘zbekiston hududida uchta “Xotinko‘prik” va “Kampirko‘prik” deb nomlangan joylar bor edi. Shoshma-shosharlik bilan boshqa nomlar qo‘yib, endilikda ulardan nom nishona qolmagan. Vaholanki ilgari mahrami yo‘q ayollar charx yigirib, dugchilik qilib, hajga pul-mablag‘ yig‘ib, mahrami yo‘qligi jihatdan hajga borolmay o‘sha mablag‘iga yo ko‘prik solishgan yoki musofirxona qurdirgan momolarimiz bo‘lgan. Qarang, shu tariqa “Xotinko‘prik”, “Kampirko‘prik” degan joylar paydo bo‘lgan. Bu axir faxrlanishimiz kerak bo‘lgan toponimika-ku!
Farazan bir joyda “Shaytonko‘prik” degan nomni ko‘rsangiz ham bu behuda bo‘lmaydi. Xuddi o‘sha joylar katta tarixiy ma’no tashiydi. O‘sha “shaytonko‘prik” talaffuz o‘zgarishi sababli ma’nosi buzib talqin qilinadi. Chunki “shayton” bilan bog‘liq toponimlar aslida “shahidon”, ya’ni “shahidlar” so‘zining o‘zgarishga uchragan shakli bo‘lishi ehtimoli juda katta. Bunga hatto “To‘ytepa” ham misol bo‘ladi. Aslida “To‘ytepa” avval “Tug‘tepa” ya’ni bayroq tikilgan tepalik bo‘lgan. Shayboniyxon tug‘ini, ya’ni bayrog‘ini tikkan strategik joy bo‘lgan. “Bog‘ladi” degan so‘zni “boyladi” deb “g‘” affiksini “y” sifatida tiliga moslab olganiday odamlar “tug‘tepa”ni “tuytepa”, “to‘ytepa” deb tiliga moslab ifodalashni boshlagan. Ayni paytda Toshkent viloyatida joylashgan “To‘ytepa” muayyan davrda poytaxt ham bo‘lgan. To‘ytepa ilgari, muayyan davrlarda Nukat (Navkent-Yangi shahar), Mingtepa deb atalgan. Nega “Mingtepa” deyilganiga ham asos bor. Chunki To‘ytepada bir qancha tepaliklar, do‘ngliklar hozir ham saqlanib qolgan. To‘ytepaning ham juda katta shonli tarixi bor. Shuning uchun bizningcha To‘ytepa kabi tarixiy nomlarni almashtirmaganimiz ma’qulroq.
Chunki bizning bor-yo‘g‘i 60-70 yillik mazmunli va mazmunsiz umrimizdan va hatto ota-bobolarimizning umridan ham ulug‘ davri va katta tarixi bor!
To‘ytepadan pastroqda Ohangaronga tutash yerda “Evalak” degan qishloq joylashgan. “Evalak” so‘zi ajdodlarimiz yashagan juda qadimiy Iloq davlatining o‘rnidir. “Evalak” so‘zi turkiycha “Evi Iloq”, ya’ni “Iloq uyi”, “Iloq poytaxti” ma’nosini beradi. Yana o‘sha hududga yaqin joyda “Kuchluk” degan toponim bor. Jaloliddin Mankburni (Manguberdi) bilan sulh tuzib Temuchin (Chingizxon) bilan urushgan Kuchlukxon ham alohida davlat tuzgan. Ayni paytda “Qang‘” yoki “Qang‘li” deb ataladigan joy nomlari yurtimizda juda ko‘p. Yurtimiz tarixida “Qang‘” degan davlatni eshitgansiz. Karim Shoniyozovning ta’kidlashicha, Qang‘ davlati Sharqda Farg‘ona (Davan), Shimoli-sharqda Usun (Uyshun) davlatlari, shimoli-g‘arbda Sirdaryoning quyi oqimi bilan chegaralangan. Xitoy manbalariga ko‘ra, Qang‘ davlati hududiga Toshkent vohasi, Talas va Chu daryolari vodiysi kirgan. Ayrim davrlarda hozirgi Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Kattaqo‘rg‘on, Urganch shahri va atroflari ham qaragan bo‘lib, chegarasi Amudaryogacha borgan. Bularni aytishdan maqsad, hozirda garchi kichkina qishloq nomi bilan atalayotgan bo‘lsa ham o‘sha yerda qadimda katta davlat bo‘lgani va huda-behuda, ko‘r-ko‘rona joy nomlarini o‘zgartiravermaslikni eslatishdir. Masalan Namangan viloyatida “Kushon” deb ataladigan qishloq bor. Yana bu viloyatda “Kosonsoy” tumani, Qashqadaryoda “Koson” tumani mavjud. “Koson” toponimi “Kushon” degan so‘zning o‘zgarishga uchragan shaklidir. Vaholanki ilgari Kushon juda katta davlat bo‘lgan.
Mana ko‘rdingizmi, hozirda kichik qishloqlar nomida qolgan joylar ilgari davlatlar bo‘lgan.
Aytaylik, hozirda qo‘yilayotgan “Gulzor”, “Istiqlol”, “Bog‘”, “Gulobod”, “Nurafshon” nomlari bir qarashda o‘zbekchaga o‘xshaydi Biroq, bu so‘zlar sof turkiy-o‘zbekcha emas, fors va arab tillaridan o‘zlashgan so‘zlardir. Kimlardir yo atayin, yo bilib-bilmay eski, quloqqa xunuk eshitiladigan joy nomlarini umuman o‘zbek tilining tub o‘zagiga yot so‘zlar bilan almashtirishga harakat qilishadi. Yoki o‘zini qattiq ishlayotgan qilib ko‘rsatadigan ayrim mahalliy amaldorlarda ham shu holat kuzatiladi. Ular darrov ishini joy nomlarini o‘zgartirishdan boshlaydi, qayda sal xunukroq (o‘zi uchun xunukroq) toponimni ko‘rsa, shunga “osiladi”, alamshtirmaguncha tinchimaydi. Vaholanki, o‘sha joy juda qadimiy va asosli bo‘lib chiqadi. Taniqli ijodkorlar Shukur Jabbor, Rahimjon Rahmat va Rustam Iqbol ham sal g‘alati eshitiladigan joy nomlarini o‘zgartirmaslik to‘g‘risida maqola yozishgan edi.
Darvoqe, siz nimadan uyalyapsiz bilmadigu “yalong‘och” degan so‘z siz o‘ylaganday emas. Misol uchun “Yalong‘och” degan joylar ko‘p. Olaylik, “Yalang‘och” – hozirda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi kichik dahaning nomidir. O‘rta asrlarda ijod qilgan Mahmud Koshg‘ariy turkiy so‘zlar lug‘ati deya nom qozongan “Devonu lug‘atit turk“ asarida “Yalang‘och” — tep-tekis, yalanglik, ya’ni ochiq joy degan ma’noni berishini qayd etgan. Chiroyli, keng tekislik joylarni “Yalang‘och” deyishgan, bu eski sof o‘zbek tilidagi nom hisoblanadi.
Azaldan o‘lkamizda joy nomlarida gidronimlar katta rol o‘ynaydi. Ya’ni suv borgan joylar “Qorasuv”-“Oqsuv” deb atashdan tashqari “Bachqirariq”, “Beshariq” Oltiariq” deganday “ariq” bilan nomlash ko‘p uchraydi. “Qorasuv”da esa “Qora” atamasi biz turkiylarda muhtashamlikni, ulkanlikni, kattalikni, haybatlilikni ifodalagan.
Xulosa qilib aytganda, butun boshli tariximizdan so‘zlovchi joy nomlarini huda-behuda, tushunib-tushunmay o‘zgartirishga harakat qilish o‘zligimizga, kelajak avlodlar ma’naviy-axloqiy dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi tamoyillardan hisoblanadi.
Omonov Baxtiyorjon Xabitovich,
Qo‘qon universiteti Filologiya kafedrasi dotsenti v.b.,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)