Farg‘ona viloyatida ayni paytda chorvachilik va uning tarmoqlarida umumiy qiymati 270,1 mlrd so‘mlik 108 ta loyiha ishga tushirildi. Natijada qo‘shimcha 9,2 ming bosh qoramol, 10,4 ming bosh qo‘y-echki va 150,1 ming boshdan ortiq parranda parvarishi yo‘lga qo‘yildi.
Oxirgi uch yilda chorva bosh soni hamda mahsulot ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshdi.
Xususan, 2021-yilda qoramollar 1 mln boshni, qo‘y-echkilar 893,2 ming boshni va parrandalar 8,1 mln boshni tashkil etgan. Berilgan imtiyoz va preferensiyalar hisobiga joriy yil boshiga qoramollar 1,1 mln boshni, qo‘y-echkilar 933 ming boshni, parrandalar 8,9 mln boshni tashkil etdi.
Shuningdek, yil boshida tasdiqlangan dasturlar doirasida yangi loyihalarni ishga tushirish va mavjud quvvatlarni kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Ta’kidlash kerak, mahsulot yetishtirish asosan naslchilik ishini to‘g‘ri tashkil etish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga bog‘liq.
Joriy yilda chetdan go‘sht va sut yo‘nalishidagi 15 ming boshga yaqin qoramol va 26 mingdan ortiq qo‘y va echki olib kelinib, fermer xo‘jaliklari va xonadonlarda parvarishlanmoqda.
Faoliyat yuritib kelayotgan 266 ta naslchilik xo‘jaligi tomonidan yil boshidan 5 mingdan ortiq naslli chorva tadbirkorlik subyektlariga yetkazib berildi.
Barcha toifa xo‘jaliklaridagi 203,3 ming bosh sigir va tanalar sun’iy urug‘lantirilib, bugungi kunga qadar ulardan 25 ming bosh buzoq olindi.
Ozuqa uchun ajratilgan 13 ming gektar maydonda yiliga uch marta hosil olish yo‘lga qo‘yildi. Chorvachilikka ixtisoslashgan 22 ta korxonada zamonaviy gidroponika usulida ozuqa yetishtirilmoqda.
Mazkur tadbirlarni amalga oshirish tufayli so‘yish uchun tayyorlangan bir bosh qoramolning tirik vaznini 410 kg, qo‘y echkilarning o‘rtacha tirik vazni 49 kilogramga yetkazishga erishildi.
Natijada shu yilning to'qqiz oyida 144 ming tonna go‘sht, 50 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarildi.
O‘zA