Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda so‘mning real almashuv kursi dinamikasi yil boshidan 0,9 foizga qadrsizlanib, uzoq muddatli trendi doirasida shakllangani qayd etildi.
2024-yilda umumiy inflyatsiya prognozi 9-11 foizgacha oshirildi. Prognoz koridorining nisbatan kengligi, tariflar oshirilishi munosabati bilan aholiga taqdim etiladigan bir martalik to‘lovlar, ijtimoiy norma va ikki oylik imtiyozli davr mazkur o‘zgarishlar ta’sirini yumshatish imkonini berishi hamda hozirgi paytda ushbu o‘zgarishlarning aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalariga ta’sirini baholash murakkabligi bilan izohlanadi.
Shuningdek, anjumanda inflyatsiya bo‘yicha avvalgi prognoz 8-9 foizlik koridorda yuz berishi aytildi.
– Inflyatsiya prognozlarining yomonlashuvi energetika bo‘yicha tariflarning oshirilishi avvalgi kutilmalardan yuqori darajada bo‘lgani bilan izohlanadi, – dedi Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov. – An’anaviy davlatlardan pul o‘tkazmalari qisqarishi davom etmoqda. Boshqa mamlakatlardan kelayotgan pul o‘tkazmalarining esa oshishi kuzatilmoqda. Investitsiyalarning oshishi va o‘tgan yilgi bir martalik o‘sishdan keyin barqarorlashgan importning maqbullashishi hisobiga milliy valyuta kursiga bosimlar yumshashi kutilmoqda. Asosiy stavka va pul bozoridagi stavkalarning korrelyatsiyasi oshib bormoqda, bog‘liqlik 0,9 koeffitsiyentgacha ko‘tarilgan. Inflyatsiyani pasaytirish barcha iqtisodiy idoralarning birgalikdagi harakatlarini talab qiladi. Markaziy bank ixtiyorida byudjet defitsitini kamaytirishga ta’sir o‘tkazadigan bevosita vositalar mavjud emas. Markaziy bank bu bo‘yicha o‘z xavotirlarini Hukumatga kiritib boradi.
Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 2,5 mlrd. dollarni tashkil etgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/vp42TqbGy60" title="Yilning birinchi choragida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari 2,5 mlrd. dollarni tashkil etgan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga mutasaddilar javob qaytardi.
YouTube tarmog‘idagi sahifamizda bu haqda batafsil keltirilgan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA