Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yilning 9 oyi davomida 15 turdagi mahsulot bo‘yicha savdo hajmi oshgan
18:49 / 2022-12-13

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan maxsus iqtisodiy zonalarda ishlab chiqarilgan va aholi o‘rtasida eng xaridorgir bo‘lgan mahsulot turlari aniqlandi.

Maxsus iqtisodiy zonalarda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan xilma-xil, sifatli, zamonaviy mahsulotlarning 47 foizdan ko‘prog‘i aholiga sotilmoqda.  

Iste’molchilar qanday mahsulotlarni afzal bilishini baholash uchun Iste’molchilarning afzal ko‘rish indeksi (ICP)dan foydalanildi. Ushbu indeks savdo hajmi indeksi, iste’mol narxlari indeksi va tovar zaxiralari qoldiqlari indeksini o‘z ichiga oladi.  

Indekslar iste’mol uchun mo‘ljallangan 27 xil mahsulot bo‘yicha hisoblangan bo‘lib, ular ishlab chiqarilgan jami iste’mol mahsulotlarining 81 foizini tashkil etadi. ICP metodologiyasi asosida iste’mol mahsulotlari reytingi tuzib chiqildi.  

2022 yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra, iste’molchilar orasida 11 turdagi mahsulotga talab ortgan. Bu o‘rganilgan mahsulot turlari umumiy miqdorining 40,7 foizi demakdir.  

Joriy yilning 9 oyi davomida 15 turdagi mahsulot bo‘yicha savdo hajmi oshgan, 10 turdagi mahsulot bo‘yicha iste’mol narxlari pasaygan, 9 turdagi mahsulot bo‘yicha esa tovar zaxiralari qoldig‘i kuzatildi.  

To‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari, oziq-ovqat, kimyo, metall va mashinasozlik, qog‘oz va shisha mahsulotlari yilning dastlabki oylarida aholi o‘rtasida talab eng yuqori mahsulotlar bo‘ldi. Yilning birinchi yarmida to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlarining o‘rnini elektrotexnika mahsulotlari egalladi. 2022 yilning 9 oyida farmatsevtika mahsulotlari birinchi o‘ringa ko‘tarildi va iste’molchilarning avtomobillarga qiziqishi ortdi.  

Agar ICP subindekslariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2022 yilning 3 ta choragida savdo indeksi bo‘yicha avtomobillar va boshqa avtomototransport vositalari, ustara va ustara pichoqlari, gulqog‘ozlar, tagliklar hamda isitish pechlariga bo‘lgan talab o‘zgarmagani va ushbu mahsulotlar yetakchi o‘rinlarni saqlab qolganini ko‘rish mumkin.  

Iste’mol narxlari indeksi bo‘yicha har chorakda mevalar, yong‘oqlar va tayyorlangan yoki konservalangan boshqa mahsulotlar, ustara va ustara pichoqlari, gulqog‘ozlar, isitish pechlarining narxlarida pasayish kuzatildi. Shuningdek, joriy yilning 3-choragida narxlari pasaygan iste’mol  mahsulotlarining turlari yil boshidagiga nisbatan 2 barobar oshdi.  

Tovar zaxiralari qoldiqlari indeksi bo‘yicha joriy yilning 9 oyi davomida telefon apparatlari, maishiy elektromexanik mashinalar va konservalangan loviya mahsulotlarining zaxira qoldiqlari kamayishi qayd etildi. Zaxira qoldiqlarining kamayishi bo‘yicha eng ko‘p mahsulot turi 2-chorakda kuzatildi.  

O‘zA