Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yilgi pilla hosilining birinchi terimi boshlandi
15:19 / 2024-05-10

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani pillakorlari mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib joriy yilgi chilgi hosili – “kumush tola”ni yig‘ib olishga kirishdi.

Dastlabki pilla hosilini yig‘ib olish jarayonida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Iqboljon Ergashev, viloyat hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Komila Kavlonova, tuman hokimi Qodirjon Erkaboyev va viloyat "Agropilla" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Maqsudjon Qosimov ishtirok etdi.  

Ma’lumki, shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab bahorgi pilla yetishtirish mavsumi jadallik bilan davom etmoqda. Uchko‘priklik pillakorlar ham bu yilgi mavsumda 213 tonnadan ziyod “kumush tola” yig‘ib olish maqsadida astoydil mehnat qilishmoqda.  

Joriy mavsumda fermer xo‘jaliklari hamda kasanachilar tomonidan 3 ming 556 quti ipak qurti parvarish qilinib, sifatli va mo‘l hosil olindi. Ipak qurti parvarishi uchun tuman bo‘ylab 1 ming 800 dan ortiq ipak qurti boquvchi oilalar bilan ichki shartnomalar tuzilgan.  

Uchko‘prik tumanida uzoq yillar davomida ipak qurti parvarishlab, bu borada ko‘pchilikka ibrat bo‘lib kelayotgan tajribali pillakorlar ko‘p. “Bahrin” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Fotimaxon Ahmedova ana shunday tajribali pillakorlardan sanaladi. Joriy yil ham oila a’zolari bilan 2 quti ipak qurti parvarishladi. Tumandagi pilla terish mavsumi aynan uning xonadonidan boshlandi.  

 

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA