Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yilgi kompleks sport musobaqalariga tayyorgarlik masalalari muhokama markazida 
17:13 / 2024-02-14

Sport vazirligida Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida amalga oshirilayotgan ishlar, joriy yilda mamlakatimiz va xorijda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan sport tadbirlariga tayyorgarlik, sport infratuzilmasi hamda sport ob’ektlarini yaxshilash bo‘yicha taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.

Sport vaziri Adham Ikromov ishtirok etgan taqdimotda dastlab Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2024 yilgi rejalar ko‘rib chiqildi. 

2024 yilda mamlakatimiz va xorijda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan sport tadbirlari va unda O‘zbekiston sport delegatsiyasining ishtirokini munosib ta’minlash masalalari ko‘rildi. 

Ta’kidlanganidek, joriy yil davomida mamlakatimiz sportchilari 10 tadan ziyod kompleks sport musobaqalarida ishtirok etishi rejalashtirilgan. Ular orasida Parijda o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari eng asosiysi sanaladi. Undan oldin 11-24 iyun kunlari Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida tashkil etiladigan VI Briks o‘yinlari esa yurtimiz sport jamoalari qatnashadigan ikkinchi yirik kompleks sport musobaqasi hisoblanadi. 

Sport vazirligi boshqarma boshlig‘i Akrom Nizomiddinov keltirib o‘tgan ma’lumotga ko‘ra, mazkur o‘yinlarda dunyoning 69 ta davlatidan 5 ming 900 nafardan ziyod sportchilar ishtirok etadi. Unda mamlakatimizning 500 nafardan ziyod sportchilari 30 ta sport turida yurtimiz sharafini himoya qilishi reja qilingan. Shundan 23 tasi olimpiya va 7 tasi noolimpiya sport turlari. 

Tadbirda “Parij-2024” Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarining ahamiyati, sportchilarimizning tayyorgarligi bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturlar ijrosiga e’tibor qaratildi. VI Briks o‘yinlarida atletlarimizning ishtirokini ta’minlash mahoratli sportchilar zaxirasini shakllantirishda alohida o‘rin tutishi aytib o‘tildi. 

Taqdimot davomida shuningdek, hududlarda sport infratuzilmasini yanada yaxshilash, sport ob’ektlarining holati masalasi ham ko‘rib chiqildi. Mutaxassislarning axboroti va ma’lumotlari asosida har bir yo‘nalishning mas’ullariga zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA