Joriy yilgi sport mavsumi juda qizg‘in o‘tishi shubhasiz. Ayniqsa, turli yosh toifalaridagi futzal va futbol bo‘yicha qit’a birinchiliklari hamda Jahon chempionati saralash uchrashuvlarini futbol ixlosmandlari intiqlik bilan kutmoqda.
2025 yilgi futbol musobaqalarining dastlabkisi futzal bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi Osiyo chempionati saralash bosqichi hisoblanadi. Avval xabar berganimizdek, ushbu saralash o‘yinlari 3 ta guruhda olib boriladi va “S” guruhidagi o‘yinlar Toshkent mezbonligida o‘tadi. Unda har bir guruhdan ikkitadan jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Osiyo chempionatiga yo‘l oladi. Ayollar o‘rtasidagi futzal bo‘yicha Osiyo chempionati esa 7-18 may kunlari Xitoyda o‘tkaziladi.

U20 yosh toifasidagi futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati 12 fevral – 1 mart kunlari Xitoyda o‘tkaziladi. E’tiborlisi, unda terma jamoamiz “C” guruhida ishtirok etadi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, kuchli to‘rtlikka kirgan jamoalar Chilida bo‘lib o‘tadigan U20 Jahon chempionatiga yo‘l oladi.
Shuningdek, mart va iyun oylarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi “JCH-2026”ning 3-saralash bosqichida 4 ta uchrashuv o‘tkazsa, U17 Osiyo chempionati joriy yilning 3-20 aprel kunlari Saudiya Arabistonida tashkil etiladi. Unda eng yaxshi natija qayd etgan 8 terma jamoa U17 Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega bo‘ladi.
Klublar o‘rtasidagi OCHL va OCHL II musobaqalarida mamlakat chempioni “Nasaf” va kubok sohibi “Andijon” klublari sentyabr oyida o‘z o‘yinlarini o‘tkazadi. Shuningdek, O‘zbekiston Superligasi, kubogi va superkubok kabi milliy musobaqalarga guvoh bo‘lamiz.
Mazkur musobaqalarda futbol va futzal bo‘yicha mamlakatimiz sharafini himoya qiladigan terma jamoalarga omad tilab qolamiz.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA