Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yilda “O‘zbekneftgaz” AJ qanday istiqbolli loyihalarni amalga oshiradi?
09:43 / 2024-02-09

Milliy matbuot markazida “O‘zbekneftgaz” AJ mas’ullari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda ta’kidlanishicha, jamiyatda transformatsiya islohotlari 2019 yildan buyon jadal amalga oshirib kelinmoqda.  Xususan,  “O‘zbekneftgaz” AJda mamlakatda ilk bor Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazini tashkil etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazini  yaratish doirasida jamiyatga qarashli barcha  burg‘ilash dastgohlari raqamlashtirilgan.  

“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari  Odil Temirovning qayd etishicha, markazlashgan tashkiliy-raqamli makonni yaratish kompaniyaga qazib chiqarish uchun sarflanadigan vaqtni, xususan, quduqlarni burg‘ilash muddatini 30 foizdan ortiqqa qisqartirish imkonini beradi.  

– Bundan tashqari, tabiiy gazni qazib chiqarish tizimini raqamlashtirish, ya’ni “E-kon” loyihasini tatbiq etish ham boshlandi. Ushbu loyihani ishga tushirish orqali konlardagi yer usti tizimlari raqamlashtirilib, yer osti bilan integratsiya qilinmoqda. Loyiha orqali zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni jalb qilgan holda uglevodorod konlaridan tabiiy gaz qazib chiqarish jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda loyiha doirasida barcha konlarda jami 4057 ta bosim va harorat o‘lchov vositalari hamda 76 ta aloqa stansiyasi o‘rnatildi va onlayn nazorat tizimi ishga tushirildi, – dedi O.Temirov.  

Shuningdek, tadbirda istiqbolli loyihalarning amalga oshirilish jarayonlari haqida ham fikr  yuritildi. Xususan,  Shveysariyaning “VEMA Carbon” va Norvegiyaning “ICA-Finance” kompaniyalari bilan “Metan emissiyalarini qisqartirish” loyihasi boshlandi. Unga ko‘ra, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida 246 ta quduq va gaz tayyorlash qurilmasida, 17 ta gaz yoqish mash’alasida va 9 ta rezervuarda metan emissiyalari aniqlangan. Bu loyiha asosida metan emissiyalarini qisqartirishga erishiladi.  

Tadbirda davlatimiz rahbarining 2025 yildan AI-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha bergan topshirig‘i ijrosiga ham alohida urg‘u berildi.  

– Bu jarayonda jamiyat tomonidan Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda. Maqsad zavodda ishlab chiqariladigan avtobenzinni to‘liq Yevro-5 ekologik sinfi talablariga moslashtirish, yiliga 1 million tonnadan ziyod faqat yuqori oktanli AI-92 va AI-95 avtobenzinlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdir. Shu sababli, zavodni modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish tadbirlari boshlangan. Modernizatsiya doirasida loyihalash, qurilmalarni tayyorlash, yetkazib berish, qurish va o‘rnatish, sozlash va ishga tushirish, texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Xitoyning Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) va uning tarkibidagi Xitoy neft muhandislik va qurilish korporatsiyasi (CPECC) bilan hamkorlik qilinmoqda. Texnologik jarayon va qurilmalarni tanlash borasida jahonning yetakchi litsenziar tashkilotlari, jumladan, Fransiyaning “Axens”, AQSHning “Honeywell UOP” va Rossiyaning “NPP Neftexim” kompaniyalarining takliflari o‘rganildi. Hamkorlar taqdim etayotgan takliflar jamiyat va zavod mutaxassislari tomonidan chuqur o‘rganib chiqilib, onlayn va oflayn formatlardagi muloqotlarda chuqur muhokama qilib borilmoqda, – dedi O.Temirov.  

[gallery-15860]

Shu bilan birga, “Shatakka olish” dasturi doirasida 2024-2026 yillarda Qashqadaryo viloyatida joylashgan tizim korxonalari tomonidan 3 ta loyihani o‘z ichiga olgan “Yo‘l xarita”si shakllantirildi. Ularni amalga oshirish natijasida 2024 yilda 600 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.  

2024 yil rejasiga muvofiq, BCG konsalting kompaniyasi bilan ishlab chiqilgan o‘rta va uzoq muddatli strategiyani tasdiqlash va amalga oshirish boshlanadi. Shuningdek, jamiyat korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga asosan PwC kompaniyasi tavsiyalari tatbiq qilinadi va “Ye-kon” tizimi to‘liq ishga tushiriladi.  

Nasiba Ziyodullayeva,

Oybek Pardayev (surat), O‘zA