Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2017 yil 14 iyuldagi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalarda ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan pensiya yoshidagi yurtdoshlarimiz, shuningdek, ishlamasdan, oilalar mustahkamligini saqlashga hissa qo‘shayotgan nuroniylar “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanmoqda.
Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, o‘tgan 2018-2021 yillar davomida jami 3 ming 592 nafar pensionerlar “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Shundan, 1 ming 185 nafari I darajali, 1 ming 13 nafari II darajali va 1 ming 394 nafari III darajali nishonga sazovor bo‘lgan.
Joriy 2022 yilda ham O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashi qarori bilan mamlakat nuroniylarining 1 ming 164 nafari I, II va III darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Ayni kunlarda hududlarda yuqoridagi mukofotga sazovor bo‘lgan nuroniylarni taqdirlash marosimlari yuqori saviyada bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, Navoiy viloyatida 36 nafar, Buxoro viloyatida 74 nafar faxriylarga ko‘krak nishoni topshirish marosimlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri T.Xudaybergenov ishtirok etib, mukofot egalarini tabrikladi.
Boshqa hududlarda ham ushbu tadbirlar viloyat va tumanlarning birinchi rahbarlari ishtirokida, yuqori darajada tashkil etilmoqda.
O‘zA