Joriy yilda Navoiy viloyatida 16 umumta’lim maktabi ta’mirlandi
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 8-umumta’lim maktabi o‘quvchilari yangi o‘quv yilini yangi binoda boshlaydi.
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 8-umumta’lim maktabi o‘quvchilari yangi o‘quv yilini yangi binoda boshlaydi.Ta’lim maskanining ochilish marosimida Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunar sirlarini puxta egallashi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilayotgani ta’kidlandi.
– Maktabimizning yangi binosi 420 o‘ringa mo‘ljallangan, – deydi maktab direktori A.Qarshiyev. – Shu paytgacha foydalanishda bo‘lgan binolar to‘liq ta’mirlanishi natijasida 540 o‘ringa moslashtirildi. Qariyb 1 milliard 440 million so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan yangi bino zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi. O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan maktabimiz qoshida zamonaviy sport zalining bunyod etilgani o‘quvchilarimizning har tomonlama barkamol ulg‘ayishida muhim omil bo‘lmoqda.
Joriy yilda Navoiy viloyatida investitsiya dasturi asosida 16 umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, ayni maqsadlar uchun 14 milliard 709 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bu eng ulug‘, eng aziz ayyom arafasida kelajagimiz egalari uchun munosib bayram tuhfasi bo‘ldi.