Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yilda ichki ishlar organlarining 16 nafar xodimi xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan
15:20 / 2022-12-01

Ichki ishlar organlari xodimlari orasida kundalik yoxud tungi xizmat faoliyati davomida turli baxtsiz hodisalar va fuqarolar tomonidan qarshilik ko‘rsatilishi oqibatida vafot etish hamda tan jarohati olib nogiron bo‘lib qolish holatlari tez-tez uchramoqda.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Hamza Maxsumov, departamentning Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i Umid Nurullayev, Kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Farid Abdiyev, IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.  

Joriy yil 10 oyida ichki ishlar organlarining 25 nafar xodimi (9 nafari yo‘l-transport hodisasi oqibatida, 16 nafari xizmat vazifasini bajarish vaqtida) vafot etgan.  

Xizmat vazifasini bajarishda qahramonlarcha halok bo‘lgan xodimlarning tahsil olgan maktablari va xizmat joylariga qahramonlik timsolini aks ettiruvchi “Yodgorlik lavhalari”ni o‘rnatish, “Vatanga sodiq o‘g‘lon” ma’rifiy burchaklarini tashkil etish bo‘yicha samarali ishlar yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, ichki ishlar organlarida xizmat vazifalarini bajarish vaqtida halok bo‘lgan jami 151 nafar xodimning tahsil olgan maktablarida xotira burchaklari tashkil etildi. Shundan 122 nafarining tahsil olgan maktablariga byust hamda bareleflar o‘rnatildi.  

Shuningdek, 2022 yil 10 oyi davomida ichki ishlar organlarining 284 nafar xodimi turli darajada tan jarohati olib, aksariyati olgan tan jarohati oqibatida orttirilgan nogironlik holati yoki xizmatga yaroqsizligi sababli, sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.  

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan xizmatga qabul qilishning mutlaqo yangi, shaffof va soddalashtirilgan tizimi joriy etildi. O‘tkaziladigan tanlovlarning shaffofligini ta’minlash hamda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida qabul komissiyasi faoliyatida ishtirok etish uchun jamoatchilik tashkilotlari vakillari va nomzodlarning ota-onalari taklif etilishi belgilandi.  

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, tizimda betob xodimlar davolanishi, xodimning betob yaqin qarindoshlarini operatsiya qildirish, ortopedik oyoq kiyim va protez-ortopedik mahsulotlar bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash, sanatoriy-kurort muassasalarida davolanish va dam olish, uy-joyga ega bo‘lish yoki yashash sharoitini yaxshilash, to‘ylar va dafn marosimlarini o‘tkazish, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar berish uchun imtiyozlar joriy etilgan.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA