Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yilda hududlarda mingdan ortiq quduqlar qaziladi
11:49 / 2023-03-18

Mamlakatimizni 2017 — 2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida o‘tgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etish, jumladan milliy iqtisodiyotimizning yetakchi tarmog‘i bo‘lgan qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish va moliyalashtirishga qaratilgan qator me’yoriy xujjatlari qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvarda qabul qilingan farmoni bilan tasdiqlangan “2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.

Bir necha yildan buyon suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari va qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash, daryolar, kanallar va boshqa suv ob’ektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatishni davlat tomonidan subsidiya ajratish orqali qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Subsidiya - davlat byudjeti mablag‘lari yoki maxsus jamg‘armalar hisobidan muayyan maqsadlar uchun jismoniy va yuridik shaxslarga beriladigan pul mablag‘i yoki natura shaklidagi yordam. Subsidiya davlat tomonidan aniq ijtimoiy maqsadlarni ko‘zda tutib, qaytarib olmaslik sharti bilan ajratiladi. Subsidiyalar iqtisodiyotni diversifikatsiyalash (tarkiban o‘zgartirish), eksport-importni muvozanatlashtirish, fan-texnika yangiliklarini o‘zlashtirishni yo‘lga qo‘yish, milliy sanoatni o‘stirish, ayrim hududlarni va tarmoqlarni rivojlantirish va boshqa maqsadlarda ajratiladi.

Davlatning iqtisodiy dasturlarida ishtirok etadigan korxonalar ham subsidiya mablag‘larini olishi mumkin.

Yuqorida keltirilgan qarorlarga ko‘ra, hududlarda tomorqa yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholiga tomorqa yerini sug‘orish uchun chuqurligi 10 metrdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun 5 metrdan ortiq bo‘lgan kichik hajmdagi har bir vertikal sug‘orish qudug‘ini burg‘ulash va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarning birinchi metridan boshlab, 100 foizini biroq, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmagan qismi beriladi.

Bunda kamida 30 ta aholi tomorqa yerlarini sug‘orish uchun katta hajmdagi vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash va ishga tushirish, daryolar, kanallar va boshqa suv ob’ektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlarning 100 foizini, biroq 150 million so‘mdan oshmagan qismiga subsidiya ajratiladi.

Qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida 2020-2022 yillarda respublika bo‘yicha 1699 ta, shundan 435 ta kichik quduq, 1264 ta katta vertikal sug‘orish quduqlari qazildi. Buning uchun kengash huzuridagi Jamg‘arma 147,65 mlrd.so‘m subsidiya ajratdi. Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida suv ta’minoti og‘ir hududlardagi 44,6 mingdan ortiq tomorqa yer egalariga tegishli 5 ming 361 gektar ekin yer maydonlarini sug‘orish uchun suv bilan ta’minlashga erishildi.

2023 yilgi manzilli dasturga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda suv ta’minoti og‘ir hududlarda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash bo‘yicha manzilli ro‘yxat shakllantirildi. Unga muvofiq 2023 yilda 739 ta MFYda 1175 ta quduq qazilishi rejalashtirilgan.

Davlat tomonidan qishloq xo‘jaligini mazkur yo‘nalishlarda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali subsidiya mablag‘larining ajratilishi hududlarda kambag‘allikni qisqartirish uchun aholini qo‘shimcha daromad manbai bilan ta’minlash, aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish va narx-navo barqarorligini saqlashga xizmat qiladi.

Abbos MADIEV,

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa 

yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i