Jizzax viloyatining Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida joriy yilning sakkiz oyi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat sport boshqarmasi mutasaddilari, shahar va tuman sport maktablari rahbarlari, murabbiylar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Matbuot anjumanida viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdug‘affor Hosilmurodov so‘zga chiqib, viloyatda sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilayotgan imkoniyatlar hamda yosh avlodning sportga jalb etilishi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, bu yil jizzaxlik sportchilar jahon va Osiyo chempionatlari, xalqaro musobaqalarda jami 177 ta medalni qo‘lga kiritgan bo‘lib, ulardan 48 tasi oltin medaldir.
Bunday yutuqlar zamirida fidokor sportchi va murabbiylarning mehnati mujassam. Xususan, Samariya Shokirova (qilichbozlik), Jahongir va uning singlisi Aziza Zokirovlar (boks), Dinora Hasanova, Gulmira Xolmirzayeva va Saodat Qoraboyeva (dzyudo), Soliha Tohirova (taekvondo), Dmitriy Bocharov (velosport) kabi sportchilarning ishtiroki hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Ularga murabbiylar — Hamroz Xolmurodov, Nargiza Azimova, Fotima Xolmirzayeva va Anvar Ortiqboyevlarning ham munosib hissalari qo‘shildi.
[gallery-25302]
Yil boshidan buyon viloyatda og‘ir toifadagi mahallalarda 5 ta sport maydonchasi qurib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, “Tashabbus.sport.uz” platformasi asosida 13 ta, “Besh tashabbus” olimpiadasi doirasida esa 7 ta sport ob’ekti qurilishi davom etmoqda.
Ayniqsa, yoshlarni ommaviy sportga jalb etishda “Besh tashabbus” olimpiadasi muhim rol o‘ynamoqda. Joriy yilgi musobaqa 250 mingdan ziyod jizzaxlik yoshlarni qamrab oldi. Ulardan 9 nafari respublika bosqichida sovrindorlar safiga kirdi. Bu o‘z navbatida, yosh avlod o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va sportni ommalashtirishdagi sa’y-harakatlarning amaldagi natijasidir.
Anjumanda shuningdek, soha oldida turgan muammolar — infratuzilmani yaxshilash, yosh murabbiylarni tayyorlash, sport maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalari yuzasidan fikrlar almashildi.
Mutasaddilar jurnalistlarning savollariga javob berishar ekan, kelgusi istiqboldagi vazifalar xususida ham axborot berishdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbiri