Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga avvalgi tashrifi chog‘ida so‘nggi besh yilda aholi xonadonlari, ishlab chiqarish korxonalari soni ortib borayotganligi natijasida Farg‘ona vodiysi viloyatlarida elektr energiyasiga talab 40 foizga ko‘payganligini ta’kidlagandi. Yuzaga kelgan muammoni bartaraf etish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish, quyosh, shamoldan elektr energiyasi olishga qaratilgan loyihalarni hamda gidroelektr stansiyalarini ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Ushbu topshiriqlardan kelib chiqib, 2024 yil va joriy yilning o‘tgan davri mobaynida loyiha qiymati 28 million dollarga teng umumiy quvvati 9,55 MVtli sakkizta kichik va mikro gidroelektr stansiya ishga tushirildi.
Davlatimiz rahbarining Andijon viloyatiga bu galgi tashrifi doirasida Izboskan tumani Guliston mahallasi hududidan o‘tgan Katta Farg‘ona kanali bo‘yida xususiy sektor tomonidan qurilgan dastlabki kichik gidroelektr stansiya foydalanishga topshirildi.
Kichik gidroelektr stansiya “Vodiy Gidro Energiyasi” korxonasining 10 million dollar mablag‘iga qurilgan. GES quvvati 3,2 MVtga teng bo‘lib yiliga o‘rtacha 16 million kVt-soatdan ziyod ekologik toza, “yashil energiya” ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu bilan 7 ming xonadonning yillik elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji qoplandi. Shu bilan birga yiliga 4,6 million m3 tabiiy gazni iqtisod qilishga erishildi.
Qolgan yettitasi Ulug‘nor tumanidagi Fazogir mahallasidan oqib o‘tuvchi Sariqjo‘ga kollektori, Oltinko‘l tumanidagi Xo‘ja mahallasi hududidan o‘tuvchi Ulug‘nor kanalidagi ikkita, Andijon tumani Yangi to‘lqin mahallasidagi Derevatsiya kanaliga qurilgan “Zavroq” birinchi va ikkinchi, shuningdek, Xonobod shahrining Teyit mahallasida oqib o‘tuvchi O‘ng qirg‘oq kanali, Marhamat tumanidagi Rohat mahallasidagi Janubiy Farg‘ona kanaliga qurilgan kichik va mikro GESlardir.
Viloyatda mavjud imkoniyatlardan keng foydalanish, ya’ni yangi gidroelektr stansiyalar qurish orqali aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish borasidagi ishlar reja asosida davom etmoqda.
Xususan, 2025-2027 yillarda viloyatda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati, mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan umumiy qiymati 500 million AQSH dollariga teng loyihalar doirasida jami quvvati 226,6 MVt bo‘lgan qariib 800 ta kichik va mikro gidroelektr stansiya qurish, foydalanishga topshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, amaliy ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilda Jalaquduq, Baliqchi, Buloqboshi, Oltinko‘l, Xo‘jaobod, Qo‘rg‘ontepa, Marhamat, Izboskan, Paxtaobod, Ulug‘nor tumanlari hamda Xonobod shahrida qiymati 70 million dollarga teng loyihalar doirasida quvvati 31,3 MVtli 14 kichik GES, qiymati 50 million dollarga teng loyihlar doirasida quvvati 23,7 MVtga 458 ta mikro GES ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
[gallery-22840]
Ana shu kichik va mikro GESlarning ishga tushishi bilan 220 mingta xonadonning elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoji qoplanadi.
Umuman, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar natijasida 2027 yilga borib gidroenergetika viloyatning elektr energiyaga bo‘lgan talabining 45 foizini, aholi iste’molining 100 foiz ta’minlaydi.
Зиёдулла JONIBEKOV, Rustam NAZARMATOV(surat), O‘zA