Farmon va ijro
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 oktyabrda "Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘pisida"gi farmoni qabul qilingan. Mazkur hujjatda ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni to‘liq safarbar etgan holda, ilmiy-innovatsion salohiyatdan keng foydalanish, istiqbolda ilm-fanni muntazam isloh qilib borish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Shuningdek, unda zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani moderinizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish masalasiga ham asosiy e’tibor qaratilgan.
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan anjumanda ushbu farmon ijrosini ta’minlash hamda xorijiy ilmiy darajalar to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash masalalari haqida so‘z bordi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi bosh ilmiy kotibi Abdulaziz Shermuhamedov farmon mazmuniga e’tibor qaratar ekan, bu hujjat bilan tasdiqlangan konsepsiyaning strategik maqsadiga to‘xtalib o‘tdi.
– Farmonga muvofiq, oliy ta’limdan keyingi ta’limning bir pog‘onali tizimi joriy qilingan xorijiy davlatlarning ro‘yxati har yili Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadi, – dedi A.Shermuhamedov. – Unga ko‘ra, xalqaro reytinglarda birinchi 300 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta’lim tashkilotlarida olingan falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasi to‘g‘risidagi hujjatlar O‘zbekiston Respublikasida fan doktori (DSc) sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi. Xalqaro reytinglarda birinchi 300 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta’lim tashkilotlarida olingan professor, dotsent, katta ilmiy xodim va ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy unvonlar to‘g‘risidagi hujjatlar ham oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar kengashlarining tavsiyasiga asosan qo‘shimcha ekspertiza o‘tkazmasdan va boshqa sinovlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi.
Ta’kidlanganidek, ushbu farmon talablari asosida Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan joriy yil 68 nafar fuqaroning xorijiy oliy ta’lim tashkilotlaridan ilmiy daraja olinganligi to‘g‘risidagi hujjatlari nostrifikatsiya qilingan. Hujjatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olingan va nostrifikatsiya qilinganlarning 5 nafari chet el fuqarolaridir.
Ma’lum qilishicha, ushbu hujjatlar Buyuk Britaniya va Yaponiya (8 ta), Germaniya va Xitoy (7 ta), AQSH (6 ta), Belgiya va Janubiy Koreya (4 ta), Italiya va Kanada (3 ta), Shvetsiya, Niderlandiya, Fransiya, Avstraliya, Malayziya, Chexiya (2 ta), Ispaniya, Shveysariya, Daniya, Norvegiya, Bruney Sultonligi, Qozog‘iston (1 ta) kabi davlatlarning oliy ta’lim tashkilotlaridan olingan.
– Fan tarmog‘iga doir tahlillar shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha 22 ta, texnika fanlari bo‘yicha 12 ta, fizika fanlari bo‘yicha 7 ta, yuridik va matematika fanlari bo‘yicha 5 ta, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha 4 ta, biologiya va siyosiy fanlar bo‘yicha 3 ta, kimyo va tibbiyot fanlari bo‘yicha 2 ta, filologiya, pedagogika, islomshunoslik fanlari bo‘yicha 1 tadan hujjat nostrifikatsiya qilingan. Bundan tashqari, oliy ta’limdan keyingi ta’limning bir pog‘onali tizimi joriy qilinmagan va xalqaro reytinglarda birinchi 300 ta o‘rindan birini egallagan oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxatiga kirmagan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlaridan olingan 36 ta hujjat ham nostrifikatsiya qilindi. Ular avvalgi tartibga muvofiq, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 25 iyuldagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida”gi nizom asosida rasmiylashtirildi, – dedi Abdulaziz Shermuhamedov.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA