Poytaxtimizda umumta’lim maktablari, kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida start olgan “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Sport vazirligi mutaxassislari joriy yilning 25 sentyabridan respublikamiz bo‘ylab start berilgan ushbu “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Ma’lumki, Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 13 fevral kuni sport sohasidagi ishlarni yanada kuchaytirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda aynan aholining keng qatlamini ommaviy sportga jalb qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, joriy yil yakuniga qadar aholining 15 million nafarini ommaviy sportga qamrab olish bo‘yicha vazifa belgilab berilgan edi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida olib borilgan tizimli ishlar samarasida joriy yilda 6 million 600 ming nafar yoki 78 foiz yoshlar ommaviy sport tadbirlariga jalb qilindi. Shuningdek, adaptiv sport turlari bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari 18 yoshdan yuqori bo‘lgan nogironligi bo‘lganlar o‘rtasida aprel-iyun oylarida 4 ta yo‘nalishda 12 ta sport turi bo‘yicha 3 ta bosqichda o‘tkazildi.
Umumta’lim maktablari xodimlari o‘rtasida 5 ta sport turi bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari 3 bosqichda aprel-iyun oylarida o‘tkazilib, yil davomida 280 ming nafar umumta’lim maktablari xodimlari qamrab olindi.
[gallery-25480]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 15 noyabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida jismoniy tarbiya fani o‘qitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab har yili an’anaviy tarzda maktab o‘quvchilari o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini tashkil etib borish bo‘yicha ustuvor vazifa belgilangan.
Shundan kelib chiqib, umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida 9 ta sport turi bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari 3 bosqichda sentyabr-dekabr oylarida o‘tkaziladi. Yil davomida 4 million 700 ming nafar yoki 72 foiz o‘quvchilar qamrab olinishi reja qilingan. Ayni vaqtda maktab o‘quvchilarining 5,6 mln. nafari platformadan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, Xorazm viloyati (341 ming 939 nafar, 94 foiz), Namangan viloyati ( 511 ming 445 nafar, 93 foiz), Sirdaryo viloyati (142 ming 183 nafar, 90 foiz), Farg‘ona viloyati (622 ming 395 nafar, 90 foiz) elektron ro‘yxatdan o‘tgan yoshlar soni bo‘yicha faollik ko‘rsatdi.
Professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida ham 5 ta sport turi bo‘yicha ommaviy sport musobaqalari 3 bosqichda sentyabr-noyabr oylarida o‘tkaziladi. Yil davomida 200 ming nafar yoki 57 foiz o‘quvchilar qamrab olinishi reja qilingan.
Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida 5 ta sport turi bo‘yicha 4 bosqichda sentyabr-dekabr oylarida ommaviy sport musobaqalari o‘tkaziladi. Yil davomida 500 ming nafardan ko‘p yoki 70 foiz talabalarni qamrab olish rejalashtirilgan.
Shuningdek, matbuot anjumani davomida mazkur ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazish borasida hududlarda ko‘rilgan tayyorgarlik jarayonlari, sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar, musobaqalarni o‘tkazish talablari va sport turlari bo‘yicha belgilangan normativlar haqida axborotlar berildi.
Tadbir yakunida OAV vakillarining savollarga javob qaytarildi.
Javohir Toshxo‘jayev, To‘lqin Ro‘ziyev, Almurod Mamadaminov (surat), O‘zA