Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yilda 58 mingdan ko‘proq imtiyozli toifadagi bemor yo‘llanma asosida tibbiy xizmatlardan bepul foydalandi
12:31 / 2023-08-18

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 28 iyulda qabul qilingan tegishli qaroriga ko‘ra, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini standartlar asosida baholash va ajratilgan mablag‘lar samaradorligini ta’minlash Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga yuklatilgan.

Jamg‘arma mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilda 14 ta Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 11 ta Respublika darajasidagi, 41 ta hududiy va 22 ta nodavlat tibbiyot tashkiloti bilan 576 mlrd. so‘mlik shartnoma imzoladi.    

Bu haqda AOKA da o‘tkazilgan brifingda Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi axborot xizmati rahbari Sayyora Shoyeva ma’lum qildi. Shuningdek, imtiyozli toifadagi fuqarolarga yuqori texnologik amaliyotlar bepul o‘tkazilayotgani xususida batafsil ma’lumot berdi.    

– Endilikda, imtiyozli toifadagi bemorlar davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlari orasidan o‘ziga qulayini tanlab, tibbiy xizmatlardan bepul foydalanishi mumkin, – dedi S.Shoyeva. – Bemor davolanganidan so‘ng, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi muassasaga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq, sarflangan mablag‘ni Davlat byudjeti hisobidan o‘tkazib beradi. Bemorlar bu qulaylikdan foydalanishi uchun oilaviy shifokorga murojaat qiladi va axborot tizimida yo‘llanma shakllantiriladi. So‘ngra shaffof tizim orqali bemorlar navbati qachon kelishi haqida xabardor bo‘lib boradi. Agarda yo‘llanma tasdiqlangach bemor 60 kun mobaynida tegishli tibbiyot tashkilotiga murojaat qilmasa, ushbu yo‘llanma o‘z kuchini yo‘qotadi.  

Ta’kidlanishicha, joriy yilning yetti oyida 58 mingdan ko‘proq imtiyozli toifadagi bemor yo‘llanma asosida tibbiy xizmatlardan bepul foydalandi. Birgina V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolangan 1,5 mingdan ko‘proq bemor uchun qariyb 35 mlrd. so‘m to‘landi. Jumladan, 208 nafar bemorda buyrak, 19 nafarida jigar ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarilgan. Bunday yuqori texnologik amaliyotlarning hududlarda ham o‘tkazilayotgani esa tahsinga loyiq. Davolangan bemorlarning 52 foizi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 34 foizi respublika muassasalari, 11 foizi hududiy hamda qariyb 3 foizi nodavlat tibbiyot tashkilotlari ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.    

 

M.Qosimova,    

O‘zA