Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yilda 3 milliard so‘mlik ilmiy ishlanmalar amaliyotga joriy etildi
21:19 / 2021-08-10

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida bo‘lgan matbuot anjumanida 2020/2021 o‘quv yilida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining kadrlar tayyorlash bo‘yicha oldida turgan vazifalari va kelajakdagi maqsadli ko‘rsatgichlarga erishish mexanizimlari haqida so‘z bordi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Toshkent davlat texnika universitetida bugungi kunda jami 9 ta fakultetdagi 63 ta kafedrada 941 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda, o‘qituvchilarning umumiy ilmiy salohiyati 42,3 foizni tashkil etadi.

– 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab 1-kurslarning o‘quv jarayoni kredit-modul tizimida tashkil etildi, – deydi Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadritdin Turobjonov. – Universitetimiz 2020 yilda Rossiya, Belarus va Xitoy davlatlarining nufuzli 6 ta xorijiy OTM lari bilan bakalavriatning 16 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, 3 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda jami 320 nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. 

Qo‘shma ta’lim bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarning 50 nafari xorijiy OTMda o‘qishini davom ettirmoqda. Xorijiy talabalar sonini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, universitetga 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab yaponiyalik mutaxassis prorektor va rektor maslahatchisi lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda va ushbu xorijlik mutaxassis yordamida 2021/2022 o‘quv yilidan Nagoya universitetidan 15 nafar talaba o‘qish jarayonlariga jalb etilmoqda.

Xalqaro QS tashkilotining “Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo” davlatlari universitetlarning 2021 yil uchun 2020 yil 16 dekabrda e’lon qilingan reytingida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti 358 ball bilan mamlakatimizda 3- o‘rinda qayd etildi. 1- o‘rinda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va 2- o‘rinda O‘zbekiston Milliy universiteti hamda 4- o‘rinda Samarqand davlat universiteti e’tirof etildi.

Toshkent davlat texnika universitetida ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yangi tizimini yaratish bo‘yicha 2021 yil birinchi yarmi uchun “Yo‘l xarita” ishlab chiqildi va Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent shahar bo‘limi bilan hamkorlikda tasdiqlangan. “Yo‘l xarita” 6 ta bo‘lim va 96 ta banddan iborat. 

Yangi o‘quv yili davomida ushbu “Yo‘l xarita”da belgilangan tadbirlar rejasiga muvofiq, universitet talaba-yoshlari o‘rtasida ma’naviy-axloqiy, tarbiyaviy ishlarni zamon talabalari asosida olib borish, ularning dunyoqarashini yuksaltirish, o‘qish va darsdan bo‘sh vaqtini samarali va mazmunli o‘tkazish, shuningdek, har bir talaba-yosh bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, yoshlarning turli xil fan olimpiadalari, to‘garaklar, ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirokini ta’minlash maqsadida juda ko‘plab tadbirlar amalga oshirildi.

– Universitetimiz mamlakatimizdagi texnika sohasidagi eng yirik oliy o‘quv yurti hisoblanadi, – deydi Toshkent davlat texnika universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sherzod Ne’matov. – Bu zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. 

Jumladan, ilm sohasida yangiliklar yaratish rivojlandi. Hozir universitetimiz professor –o‘qituvchi va talabalari tomonidan 3 milliard so‘mlik ilmiy ishlar natijasi amaliyotga joriy qilindi. Shuni ham aytish joiz, Innovatsion rivojlantirish vazirligi tomonidan 3 ta startap loyihamiz moliyalashtirildi. Bular har birining qiymati 600 million so‘mdan, jami 1 milliard 800 million so‘mni tashkil etadi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA