Bugungi kunda Yoshlar ittifoqining jami 11 ming 915 ta boshlang‘ich tashkiloti o‘z atrofida mamlakatimizning 5 million 714 ming nafardan ziyod o‘g‘il-qizlarini birlashtirgan. Ayni vaqtga kelib, 210 ta oliy, 703 ta professional ta’lim muassasalari, 517 ta korxona va tashkilot, 309 ta harbiy qism va muassasa hamda 10 ming 176 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyat yuritib kelmoqda.
Yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va kelgusi rejalar xususida Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi v.b. Temurbek Poyonov quyidagilarni ma’lum qildi.
–O‘tgan yillar davomida mamlakatimizda yoshlarning bilim va hunar egallashi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi. 2016 yildan buyon yoshlar siyosatiga oid 10 ga yaqin qonun, Prezidentimizning 30 dan ortiq farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 60 ga yaqin qarorlari qabul qilingan.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyati tashkil etilgan edi. Mazkur farmonda yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yoshlarning zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun munosib sharoitlar yaratish, iqtidorlilarni yuzaga chiqarish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishga, xorijiy tillarni o‘rgatish o‘quv kurslariga keng jalb etish, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish borasidagi muhim vazifalar belgilab berilgan edi. Bugungi kunda Yoshlar ittifoqi yoshlarni birlashtiruvchi nodavlat notijorat tashkilot sifatida o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni samarali amalga oshirishga astoydil harakat qilmoqda.
O‘tgan davr mobaynida, Ittifoq tomonidan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish yo‘nalishida jami 35 ming 384 ta loyiha va tadbirlarda 5 million 714 ming 774 nafar yosh qamrab olindi. Birgina, noyabr oyida 2 ming 398 ta tadbir va loyihalarga 305 ming 481 nafar yoshlar jalb etildi.
Jumladan, oliy va professional ta’lim muassasalari hamda korxona va tashkilotlardagi boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan 26 ming 378 ta loyiha, tadbir va musobaqalarda 3 million 360 ming 291 nafar yosh qamrab olindi. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan 654 ta loyiha, tadbir va sport musobaqalarida 1 million 652 ming 157 nafar yosh, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘nalishidagi 8 ming 352 ta tadbir va loyihaga esa 702 ming 326 nafar yosh qamrab olindi.
Ittifoq tarkibidagi “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan 10-14 yoshdagi 3 million nafardan ortiq bolani o‘z atrofida birlashtirgan 337 ming 312 nafar sardorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 192 ming 944 nafar sinf sardorlari, 141 ming 260 nafar maktab sardorlari, 2 ming 898 nafar mahalliy, 196 nafar hududiy hamda 14 nafar Respublika sardorlari ish olib bormoqda.
Davlatimiz rahbarining Yoshlar ittifoqiga berayotgan imkoniyat va e’tiborini chuqur his etgan holda, tizimda yangicha yondashuv, maqsadli va samarali tadbir va loyihalar, zarur uchrashuvlar, rivojlangan davlatlarning yoshlar tashkilotlari bilan tajriba almashish kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
Shuningdek, oliy, professional va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar hamda harbiy qismlardagi boshlang‘ich tashkilot yetakchilarini o‘qitish uchun uslubiy qo‘llanmalar chop etilib, tajriba almashish va malaka oshirish maqsadida tegishli tartibda o‘quv-seminarlar tashkil etyapmiz.
Respublikadagi 10 ming 176 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida 13 ming 519 nafar ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari faoliyat yuritmoqda. Shundan, 5 ming 229 nafarini ayollar, 8 ming 290 nafarini erkaklar tashkil etadi.
210 ta oliy ta’lim muassasasida Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari tomonidan 1 million 61 ming 194 nafar talaba-yosh faoliyat yo‘nalishlariga jalb etilmoqda. Oliy o‘quv yurtlaridagi kontrakt to‘lovining 35 foizgacha qismini to‘lashga tavsiya etilgan 2 ming 199 nafar talaba-yoshlarga joriy yilda 7,3 milliard so‘mlik shartnoma mablag‘lari to‘lab berildi.
OTMlarda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan “Qalqon” jamoatchilik guruhlarida 2 mingdan ortiq yoshlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Joriy yilda “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” va “Bilim va tafakkurimiz – shu el uchun, shu yurt uchun!” festivallari, “Xavfsiz hayot uchun” velo va piyoda yurish marafoni, Jizzax viloyati, “Zomin” bolalar oromgohida o‘tkazilgan “Yetakchilar forumi – 2023”, “Munozara” respublika turniri, “Tafakkur shaxmat taxtasi” musobaqasi, “Tinchligimiz, taraqqiyot va farovonlik uchun!” shiori ostida “Ko‘pkurash” harbiy-vatanparvarlik sport musobaqalari o‘tkazildi.
Yoshlar ittifoqi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijtimoiy-siyosiy hayotda faol ishtirok etadigan, ijtimoiy jarayonlarga faol ta’sir ko‘rsatadigan, Vatan va xalq taqdiri uchun mas’uliyatni chuqur his etadigan yoshlar safining kengayishiga hissa qo‘shishdagi faol va samarali faoliyatini davom ettiradi. Bu yo‘lda barcha manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytiradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA