English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yilda 129 ming gektar yerlarni o‘zlashtirish belgilangan
13:28 / 2022-02-08

2021 yil yakuniga kelib O‘zbekistonda suv xo‘jaligi ob’ektlariga 5 567 ta zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, jumladan, 3 099 ta “Aqlli suv”, 426 ta nasos stansiyasiga suv miqdorini va 2 022 ta meliorativ kuzatuv qudug‘iga sizot suvlari ko‘rsatkichlari va yerlarning minerallashganlik darajasini onlayn nazorat qilish qurilmasi o‘rnatildi. 20 ta suv xo‘jaligi ob’ekti avtomatlashtirildi. 1 ming 688 ta nasos stansiyasiga 2 ming 173 ta avtomatlashtirilgan elektr o‘lchov asboblari o‘rnatildi va respublika bo‘yicha yagona elektron axborot tizimiga integratsiya qilindi hamda elektr energiya sarfini “onlayn” nazorat qilish imkoniyati yaratildi.

Bu haqda Milliy matbuot markazida tashkil etilgan “O‘zbekistonning suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlar xorijlik ekspert nigohida” mavzusidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasida suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi va O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi xalqaro moliya institutlari bilan juda puxta ishlab chiqilgan va tasdiqlangan. Ustuvor yo‘nalishlar belgilanib, tizimli va samarali ish olib borilmoqda.

Shuningdek, 2021 yilda davlat-xususiy sheriklikni joriy etish bo‘yicha qiymati 1 216 mlrd. so‘m bo‘lgan 100 ta loyiha yuzasidan bitimlar imzolandi. Ushbu loyihalar doirasida xususiy sheriklar tomonidan dastlabki 3 yilda 112,3 milliard so‘m miqdorida investitsiya kiritilishi va 152,9 milliard so‘m byudjet mablag‘i iqtisod qilinishi ko‘zda tutilgan. 5 ta xorijiy investitsiya loyihasi doirasida 136,2 million dollar o‘zlashtirildi. Buning natijasida yil yakuniga kelib jami 554,5 km kanal va ulardagi 353 ta gidrotexnik inshoot rekonstruksiya qilindi. 92 ta vertikal sug‘orish qudug‘i burg‘ilandi. Loyihalar hududida 800 mln. so‘m ekspluatatsiya mablag‘lari iqtisod qilinishiga, irrigatsiya tizimi kanallarining foydali ish koeffitsiyentini 15 foizga oshirishga erishildi.

Davlat-xususiy sheriklik O‘zbekiston suv xo‘jaligi uchun mutlaqo yangi yo‘nalish bo‘lib, xususiy sheriklar suv xo‘jaligidagi muayyan infratuzilmani modernizatsiya qilishga investitsiya kiritadi va uni boshqaradi. Bu xalqaro tajribada yo‘llar yoki shifoxonalar kabi infratuzilmani rivojlantirish va ishlatishda xususiy kapital va tajribani jalb qilish uchun keng qo‘llaniladigan mexanizmdir. O‘zbekiston hukumati suv xo‘jaligida DXSH loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ulkan maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan. Asosiy e’tibor nasos stansiyalarini modernizatsiya qilishga qaratilgan bo‘lib, bu energiyani iqtisod qilish va agregatlardan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining davlat-xususiy sheriklik va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha maslahatchisi Djon Aleksandr Rayt ham ishtirok etdi.

Jon Rayt O‘zbekistondagi institutsional tuzilmalar ham, suv infratuzilmasi tarmog‘i ham o‘ta murakkab ekanligini, mamlakatning millionlab aholisi qishloq joylarda istiqomat qilganligi bois, ularning daromadi asosan qishloq xo‘jaligi sohasi hisobidan shakllanishini va xalqaro ekspert sifatida Qishloq xo‘jaligi va Suv xo‘jaligi vazirliklarining tashkil etilishi O‘zbekiston uchun to‘g‘ri qaror bo‘lgan, deya hisoblashini ta’kidladi.

– O‘zbekiston iqtisodiyotida agrar soha yetakchi tarmoqlardan biri hisoblanadi, deydi Jon Rayt.– Sohadagi hozirgi harakatlar, mana shu intilishlar bardavom bo‘lsa, O‘zbekistonning yaqin kelajakda eng rivojlangan davlatlar qatoriga kirishiga hech qanday shubha yo‘q. O‘tgan bir yilga yaqin vaqt ichida respublikaning deyarli barcha hududlariga borib keldim. Bu men uchun suv xo‘jaligi sohasidagi muammolar va real holatni tushunishimda juda zo‘r imkoniyat bo‘ldi.Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Konsepsiyasi mamlakatning o‘n yildan keyingi davrda suv resurslari bo‘yicha kutilayotgan o‘zgarishlarga tayyorgarligini belgilovchi o‘ziga xos dastur bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, Jon Rayt Yangi Zelandiyadagi Linkoln universitetini tamomlagan. So‘nggi 15 yil davomida Yangi Zelandiya fermerlar kooperativi nomidan yangi irrigatsiya infratuzilmalarini yaratish ishlariga rahbarlik qilgan. Kooperativlardan birining bosh direktori sifatidagi faoliyati chog‘ida Kenterberidagi 25 000 gektar maydonga quvur orqali suv yetkazib berish tuzilmasini ishlab chiqdi.

Jon Rayt 2021 yil aprel oyidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U davlat-xususiy sheriklik va autsorsing xizmatini joriy etish, shuningdek, suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalarni boshqarish yo‘nalishlarida ish olib bormoqda.

O‘zbekistonning suv xo‘jaligi sohasidagi transformatsion o‘zgarishlar ko‘p yillar davom etadi. Jon Rayt o‘z hayotiy tajribasidan kelib chiqib, ushbu transformatsion o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator yo‘nalishlarni ishlab chiqdi.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda yangi va foydalanishdan chiqqan 129 ming gektar yerlarni o‘zlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni 260 ming gektarda joriy etish, suv resurslaridan samarali foydalanish hisobiga kamida 7 milliard kub metr suvni iqtisod qilish, muqarrar suv tanqisligini yumshatish bo‘yicha choralarni amalga oshirish kabi vazifalar rejalashtirilgan.

Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA