Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yil oxirigacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasidagi asosiy vazifalar belgilab olindi
09:54 / 2022-09-30

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev raisligida Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda JSTga kirish jarayonining hozirgi holati va O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhining 6-yig‘ilishini tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi. 

Qayd etilishicha, joriy hafta boshida rejalashtirilgan muzokaralarni tashkil etish uchun barcha zarur hujjatlar JSTga a’zo mamlakatlarga topshirilgan. Bundan tashqari, avval erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida JSTga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar va tashkilot kotibiyati bilan maslahatlashuvlar doimiy asosda davom etmoqda. 

Yig‘ilishda joriy yil oxirigacha JSTga a’zo bo‘lish doirasidagi asosiy vazifalar belgilab olindi. Ta’kidlanganidek, hozirgi bosqichda JSTga a’zo bo‘lish shartlarini muhokama qilishni faollashtirish zarur. 
Idoralararo komissiya a’zolariga Ishchi guruhning 6-yig‘ilishiga o‘z vaqtida va sifatli tayyorgarlik ko‘rish, barcha vazifalar ijrosini yuqori professional darajada ta’minlash va tayyorlanayotgan hujjatlar sifatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, ikki tomonlama muzokaralar doirasida JSTga a’zo mamlakatlarning so‘rovlariga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. 

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasidagi dastlabki majburiyatlarini shakllantirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini ilgari surish va tashkilotga a’zolikni jadallashtirish maqsadida yaqin kelajakda JSTga a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishga qaror qilindi. 

 

O‘zA