“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Angren” ko‘mir konining markaziy dispetcherlik punktida jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda mutasaddilar jamiyat tomonidan joriy 2022/2023 yillar kuz-qish mavsumi uchun respublika ijtimoiy soha ob’ektlari va aholi ehtiyojlari uchun qancha miqdorda mahalliy ko‘mir yetkazib berilishi, ko‘mir zaxiralari, mahsulot sifati va uni yetkazish tartiblari haqida ma’lumot berdi.
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori birinchi o‘rinbosari Alijon Mirahmedovning qayd etishicha, 2022/2023 yillar kuz-qish mavsumi uchun respublika ijtimoiy soha ob’ektlariga 518 ming tonna, aholi ehtiyojlari uchun 882 ming tonna mahalliy ko‘mir mahsulotlari yetkazib berish rejalashtirilgan.
– Ijtimoiy soha ob’ektlariga ko‘mir yuklash ishlari bu yil har galgidan ancha barvaqt − 1 apreldan boshlandi. Ayni paytda jamiyat tomonidan kuniga o‘rtacha 4,5 ming tonna ko‘mir yuklab jo‘natilmoqda. Mahsulot “Ko‘mir ta’minot” MCHJga qarashli 101 hududiy ko‘mir ombori va shoxobchalari orqali tarqatilayapti. 2022 yil 27 iyul holatiga byudjet tashkilotlari uchun 326,3 ming tonna mahalliy ko‘mir ortib yuborilgan. Ko‘mir tarqatish ishlari Samarqand va Xorazm viloyatlarida namunali tashkil etilmoqda. Shuningdek, respublika byudjet tashkilotlarini kuz-qish mavsumi uchun ko‘mir bilan to‘liq ta’minlash ishlarini 1 sentyabrga qadar yakunlash, aholini mahalliy ko‘mir bilan ta’minlashni esa 1 dekabrgacha tugatish rejalashtirilgan, – dedi A.Mirahmedov.
Unda ma’lumot berilishicha, mamlakatimiz byudjet tashkilotlari va aholi uchun mo‘ljallangan mahalliy ko‘mir BR-2 markali bo‘lib, fraksiyasi 0-300mm.ni, kulchanligi 17 foizni tashkil etadi.
– Mazkur matbuot anjumani "Angren" ko‘mir koniga uyushtirilgan press-tur doirasida o‘tkazildi, – dedi jamiyat matbuot xizmati rahbari Ne’mat Dushayev. – Maqsadimiz esa jurnalist va blogerlarni “Angren” ko‘mir koni faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdir. “Angren” ko‘mir koni “O‘zbekko‘mir” AJning qattiq yoqilg‘i qazib oluvchi asosiy koni hisoblanib, 2022 yilda ushbu kondan 4328,7 ming tonna ko‘mir qazib olish belgilangan. Ayni kunlarda bu yerda 40 dan ortiq kon ekskavatorlaridan foydalanilmoqda. Ularning to‘rttasi bevosita ko‘mir qazib olish va yuklash ishlariga safarbar qilingan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2022 yilda iste’molchilarga 4,8 million tonna ko‘mir yetkazib beriladi. Birinchi yarim yillik davomida 2,4 million tonna ko‘mir qazib olindi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 110,4 foizni tashkil etadi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA