Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yil futbolchilarimiz uchun mas’uliyatli yil bo‘ladi
21:20 / 2026-01-04

So‘nggi yillarda mamlakatimizda futbolga qaratilayotgan e’tibor va olib borilayotgan tizimli ishlar samarasini charm to‘p ustalarimiz qo‘lga kiritayotgan ulkan natijalarda ko‘rmoqdamiz.

Xususan, o‘tgan 2025 yil O‘zbekiston futboli uchun tarixiy va unutilmas mavsum sifatida yodda qoldi. 

Milliy terma jamoalar, yoshlar va o‘smirlar jamoalari, shuningdek, klublarimiz xalqaro va mintaqaviy maydonlarda yuqori natijalar qayd etib, mamlakat futbolining izchil rivojlanish yo‘lida ekanini amalda namoyon qildi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi FIFA Jahon chempionatiga ilk bor yo‘l olgani eng quvonarli voqelik bo‘ldi. Mazkur natija nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro futbol jamoatchiligi tomonidan ham katta e’tirof etildi

Shuningdek, termamiz Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan CAFA Millatlar kubogi va Birlashgan Arab Amirliklarida futbol bo‘yicha “Al-Ayn xalqaro kubogi” finallarida azaliy raqibimiz Eronga qarshi maydonga tushib, ikki bor zafar quchgan holda bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. 

O‘smirlar va yoshlar terma jamoalari ham yil davomida yuqori natijalar qayd etdi. Xususan, 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarimiz Osiyo chempionatida zafar quchib, Qatarda o‘tgan jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Islom Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston U17 terma jamoasi Dohadagi mundialda munosib ishtirok etgani mamlakatimiz futbol zaxiralari qanchalik salohiyatli ekanini amalda namoyon etdi. 

Terma jamoalar o‘yini yaxshilanishida milliy chempionatlarimizning ham o‘rni beqiyos. 2025 yil ichki chempionat va kubok bahslari yuqori saviyada tashkil etildi. Superliga va O‘zbekiston kubogidagi natijalar klublarimiz futbolida ham tizimli islohotlar va professional yondashuv samara berayotganini ko‘rsatdi.

Xususan, oradan 24 yil o‘tib “Neftchi” klubi mamlakat chempioniga aylangan bo‘lsa, “Buxoro” klubi o‘z tarixida ilk marotaba kubokda vitse-chempion, deya e’tirof etildi.

Shuningdek, “AFC Special Elite Youth Football Awards – 2025” taqdirlash marosimida O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan tashkil etib kelinayotgan U19 chempionati Osiyoda tengsiz deb topildi va Yilning eng yaxshi yoshlar ligasi deb e’tirof etildi.

Darvoqe, Abduqodir Husanov, Eldor Shomurodov, Abbosbek Fayzullayev, Jaloliddin Masharipov, Rustam Ashurmatov, Otabek Shukurov kabi bir qator futbolchilarimiz xorijda o‘zlarining yorqin o‘yinlarini namoyish etayotgani quvonarli.

Umuman olganda, 2025 yil O‘zbekiston futboli yangi bosqichga ko‘tarilgan davr sifatida tarixga kirdi. 

Joriy yil ham futbolchilarimizni turli darajadagi musobaqalar kutmoqda. Xo‘sh, 2026 yil milliy terma jamoa va klublarimiz qanday musobaqalarda qatnashadi?

Dastlab, 6-24 yanvar kunlari Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan U23 yosh toifasidagi Osiyo kubogida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi o‘yinlariga guvoh bo‘lamiz. 

Shu kunlar oralig‘ida, aniqrog‘i, 15 yanvar kuni OFK Ayollar chempionlar ligasining chorak finaliga qur’a tashlanadi. Ushbu musobaqaning guruh bahslaridan munosib o‘tgan Qarshining "Sevinch" jamoasi raqibi aniqlanadi va 1/4 final uchrashuvi 22-23 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.

27 yanvar kuni Indoneziyada futzal bo‘yicha Osiyo chempionati boshlanib, 7 fevralgacha davom etadi. Turnirda O‘zbekiston futzal milliy terma jamoasi "C" guruhida 28 yanvar kuni Tojikiston, 30 yanvar sanasida Avstraliya va 1 fevralda Yaponiya terma jamoalari bilan kuch sinashadi.

Shuningdek, 7-24 may kunlari Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogiga 12 fevral kuni qur’a tashlanadi va O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ishtirok etadigan guruh va raqiblar nomi aniq bo‘ladi. 

Futbol bo‘yicha Ayollar Osiyo chempionati 1-21 mart kunlari Avstraliyada tashkil etiladi. Unda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi quyidagi raqiblar bilan kuch sinashadi:

3 mart. KXDR - O‘zbekiston
6 mart. O‘zbekiston - Xitoy
9 mart. Bangladesh - O‘zbekiston

O‘zbekiston U20 terma jamoasi esa 1-18 aprel kunlari Tailandda o‘tkaziladigan Osiyo kubogida qatnashadi. 

Joriy yilgi mavsumning eng muhim musobaqalaridan biri - futbol bo‘yicha Jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksika davlatlarida 11 iyun kuni start oladi va 19 iyulga qadar davom etadi.

Biz uchun ahamiyatli bo‘lgan ushbu Jahon chempionatida Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi “K” guruhidan joy olgan. 

Dunyo birinchiligida O‘zbekiston terma jamoasining guruhdagi ilk o‘yini 18 iyun soat 07:00 da Kolumbiya termasiga qarshi o‘tsa, 23 iyun soat 22:00da Portugaliya va 28 iyun sanasida soat 04:30 saralash g‘olibining biri bilan raqobatlashadi. 

Umid qilamizki, futbolchilarimiz mundialda barchamiz kutgan tarixiy g‘alabalarga ega chiqadi.

Mundialdan so‘ng Superliga g‘olibi “Neftchi” Elit Osiyo chempionlar ligasida, O‘zbekiston kubogi g‘olibi “Paxtakor” esa OCHL-2 turnirida qatnashadi. Ushbu musobaqalar sentyabr oyining ikkinchi yarmida boshlanadi. Shuningdek, milliy chempionatimiz va kubok musobaqalariga ham guvoh bo‘lamiz.

Ha, 2026 yilgi futbol mavsumi juda mas’uliyatli va bu qizg‘in o‘tadigan musobaqalarda terma jamoa va klublarimizga omad tilab qolamiz.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA