French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yil daraxt va butalarni noqonuniy kesish holatlari bo‘yicha 10,6 milliard so‘m zarar yetkazilgan
18:16 / 2021-12-24

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokidagi anjumanda ma’lum qilindi.

Daraxtlar. Ular havodagi zararli karbonat angidridni yutib, o‘rniga kislorod ishlab chiqaradi va bizning nafas olishimizga yordam beradi. Ular issiqda salqinlik beradi, atrof-muhitni shovqinlardan himoya qiladi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda dunyo bo‘yicha 3 trillion atrofida daraxt mavjud. Biroq har bir daqiqada ularning 27 ta futbol maydoniga teng qismi kesilmoqda.

Mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejasi ilgari surilgan bo‘lishiga qaramasdan, joriy yil 11 oy davomida daraxt va butalarni noqonuniy kesish holatlari bo‘yicha 10,6 milliard so‘m zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Daraxtlarni kesishga e’lon qilingan moratoriy davrida 392 ming 462 tup daraxt va butalarni kesish va ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha 4 ming 961 ta murojaatlar o‘rganib chiqilgan. 351 ming 767 tup daraxtlarning kesilishi rad etilgan. 1155 m3 saksovullarni noqonuniy kesgan 412 nafar huquqbuzarlarga 928 million so‘m jarima va zarar belgilangan. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida o‘tkazilgan 1 ming 22 ta nazorat tadbirlarida tabiatga yetkazilgan zarar uchun jarimalar belgilangan.

Amaliy ishlar vaqti keldi! Aholi yashash punktlarida daraxtlar ekish hamda ularni parvarishlash, doimiy jarayondir.

Tadbirda qayd etilishicha, qo‘mita tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, daraxt ekish, atmosfera havosi, suv va yer resurslarining ifloslanishini kamaytirish, biologik xilma-xillikni saqlash, chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish, maishiy chiqindilarni qayta ishlash, borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

“Toza havo” tadbirining birinchi va ikkinchi bosqichlarida jami 270 ming 344 ta avtotransport vositalari ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 9 ming 113 tasi yoki 3,4 foizida ishlatilgan gazlarining ifloslantiruvchi moddalari miqdori belgilangan me’yorlardan yuqoriligi aniqlangan. Ularning 2 ming 986 tasi vaqtincha to‘xtatilishi evaziga bir kunda o‘rtacha 102 tonna zararli gazlar tashlanishining oldi olindi.

Davlat ekologik nazorati doirasida 50 mingdan ortiq reydlar o‘tkazilib, 71 mingdan ortiq profilaktika tadbirlari olib borildi. Keng tarqalgan foydali qazilmalarni qazib olish natijasida 7 ta yirik korxonada buzilgan yerlar bo‘yicha 1 ming 543 ga rekultivatsiya qilinadigan maydonlar rejasi shakllantirib chiqildi.

Maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilishga 1 ming 573 dona Android terminallari xarid qilinib, UZCARD va HUMO to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilindi. Sohada hududlarni davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida tadbirkorlik sub’ektlariga biriktirish bo‘yicha 17 ta bitim imzolandi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA