English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yil bugunga qadar 1,8 million tonna meva, 380 ming tonna uzum yetishtirilgan
20:38 / 2023-08-03

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan “Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish, bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda eksport salohiyatini oshirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbatida aytib o‘tilganidek, bugungi kunda yurtimizda 5 ming 292 gektarda 3 ming 44 ta issiqxona mavjud. Ularda 2022 yilda 301 ming tonna mahsulot yetishtirilib, shundan 123 ming tonnasi eksportga chiqarilgan. Bog‘dorchilik yo‘nalishida 338 ming gektar, shundan fermer xo‘jaliklarida 248 ming gektar hamda aholi va dehqon xo‘jaliklarida 90 ming gektar mevali bog‘ hamda 181 ming gektar, shundan fermer xo‘jaliklarida 114,2 ming, aholi va dehqon xo‘jaliklarida 67 ming gektar uzumzorlar mavjud. Ushbu maydonlarda 2022 yilda 3,2 million tonna meva, 1,9 million tonna uzum yetishtirilgan.  

Joriy yilning bugungi kun holatiga qadar 1,8 million tonna meva, 380 ming tonna uzum mahsuloti yetishtirilgan. Anomal sovuq natijasida 8,9 ming gektar mevali bog‘larda 52 ming tonna, 7,2 ming gektar uzumzorlarda yetishtirilishi kutilayotgan 125 ming tonna hosil yo‘qotilgan.

Shuningdek, yangi o‘zlashtiriladigan, zahiradagi va samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlarida qo‘shimcha yana 3 ming gektar namunaviy bog‘ va tokzorlar tashkil etilishi borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Ushbu maydonlarning 1 ming gektardan oshig‘ida 3 yillik agroxizmat ko‘rsatgan holda aholi va tadbirkorlarga tayyor hosilga kirgan bog‘ni topshirish rejlashtirilgan.

Qayd etilganidek, sabzavotchilik yo‘nalishida 2023 yil ertangi ekin sifatida 349,7 ming gektar asosiy maydonlarga oziq-ovqat mahsulotlari ekilgan. Shu jumladan, dehqon xo‘jaliklari uchun ajratib berilgan 170 ming gektar yer maydonlariga mahsulotlar ekilib, 81 ming nafar odam ish bilan ta’minlangan.

Deputatlar respublikamizda ilk marotaba qishloq xo‘jaligi korxonalariga garovsiz 300,0 mlrd. so‘m miqdorda byudjet ssudasi ajratilganligini e’tirof etishdi. Bugungi kunda mazkur mablag‘lar hisobidan 198,0 mlrd. so‘m qarz mablag‘lari 40 ta qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga ajratilishi natijasida 26 ta korxonaning faoliyati to‘liq ishga tushirilgan.

Muhokamalar davomida xalq vakillari sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berdilar. Xususan, mamlakatda energiya taqchilligining oldini olish maqsadida tabiiy gaz bilan isitiladigan issiqxonalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, ko‘mirga ixtisoslash taklifi ilgari surildi. Iqtisodiy jihatdan samarasiz va kam hosilli bog‘lar o‘rnida yangi bog‘lar barpo etish yoki qishloq xo‘jaligining boshqa mahsulotlarini yetishtirish choralarini ko‘rish zarurligi qayd etildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA