Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yil Andijonda 305 ming aholi bandligi ta’minlanadi
10:39 / 2025-04-17

Munosabat

Ma’lumki, davlatimiz rahbari hududlarga qilgan tashriflarida e’tibor qaratadigan eng muhim jihat bu – aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik loyihalari bilan tanishish hamda o‘tgan safar berilgan topshiriqlar ijrosi tahlili hisoblanadi.

Jumladan, Przidentimiz tashabbusi bilan 2021 yilda Andijon viloyatidagi adrliklarda yangi shahar qurilishi boshlangan edi. Bugunga kelib ushbu Yangi Andijon – O‘zbekistondagi eng yirik yangi shaharlardan biri sifatida shakllanmoqda. Kuni kecha viloyatga qilingan tashrif davomida Prezidentimiz loyihaning ilk natijalari bilan tanishdi.

O‘tgan vaqt davomida bu yerda 1 ming 770 ta xonadonli 63 ta uy qurib foydalanishga topshirilgan. 1 ming 680 o‘rinli maktab, 420 o‘rinli bolalar bog‘chasi, 250 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika qurilib, yengil sanoat korxonasi, ipoteka markazi tashkil etilgan. Umumiy hisobda loyiha doirasida 4 ming gektar maydonda sakkiz bosqichli qurilish ishlari amalga oshiriladi.

Tashrifi davomida bu yerdagi rivojlanish tendensiyalari, arxitektura va transport logistikasi, shahar muhitining insonparvarlik tamoyillari asosida qurilayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, hududda qulay infratuzilma bilan birgalikda aholi dam olib madaniy xordiq chiqarishi uchun ham alohida muhit shakllantirilmoqda. Buning uchun 19 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etilib, o‘n ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari, buta va gullar ekildi.

Shu bilan birga, madaniyat markazlari, kutubxonalar, teatrlar uchun joy ajratilishi, yoshlar uchun startap markazlari, IT xablar, ta’lim-karera integratsiya markazlari, mahallalarda sport va sog‘lom turmush infratuzilmasini kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Bunday yondashuvlar Yangi Andijon shahrida ijtimoiy barqarorlik, madaniy uyg‘unlik va zamonaviy tafakkurni shakllantirishda muhim omil bo‘ladi.

Qolaversa, ushbu manzilda yangi qurilish va obodonlashtirish loyihalari taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, viloyatdagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i ta’mirlanadi. Yangi Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur haykali o‘rnatiladi. Prezident bunda Boburning siymosini haqqoniy aks ettirish, atrofini boburiylar merosi bo‘yicha tematik parkka aylantirish yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdi.

Shu o‘rida aytib o‘tish joizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda belgilangan ijtimoiy davlat tushunchasi hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylandi. Buni Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin. Andijonda ilk bor “Imkoniyatlar olami” hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi ishga tushirildi.

Qariyb 5 gektar maydonga ega muassasada ma’muriyat, faollar zali, inklyuziv ta’lim va kasbga o‘rgatish binolari, bolalar maydonchasi, sport majmuasi va suzish havzasi mavjud. Bu yerda nogironligi bor bolalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga qatnov asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Jumladan, ijtimoiy va tibbiy reabilitatsiya xizmati, kasbga yo‘naltirish, xorijiy tillarni o‘qitish xizmatlari hamda kambag‘al oilalar bolalari uchun qo‘shimcha ta’lim xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Markazda 60 nafardan ziyod xodim faoliyat yuritadi. Ijtimoiy himoyaga muhtojlarni aniqlash hamda bu yerga yo‘naltirish “Inson” markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, tashrif davomida Buloqboshi tumanida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Xususan, yig‘ilishda kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya va eksportni ko‘paytirish, qurilish, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish borasidagi vazifalar muhokama qilindi.

Avvalo, 2025 yilda Andijon viloyatida kamida 6 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, yalpi hududiy mahsulotni 105 trillion so‘mdan oshirish, 305 ming aholini band qilib, 150 ming odamni kambag‘allikdan chiqarish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi. Bu yil xorijiy investitsiyalar hajmi 3,1 milliard dollarga yetkazilishi, 1 milliard dollarlik 23 ta yirik, 321 ta kichik va o‘rta loyiha ishga tushirilishi qayd etildi. Eksportni 1,5 milliard dollarga, mahalliylashtirish hajmini 10 trillion so‘mga olib chiqish imkoniyati borligi ta’kidlandi.

Yuqorida aytib o‘tganimdek, hududlarga qilingan tashrifda ijtimoiy soha ob’ektlari bilan tanishuv ular faoliyatini yanada takomillashtirish ustuvor vazifa sanaladi. Ijtimoiy yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarni aholi turmushida bevosita aks etirish maqsadida Andijonda bu yil yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti ulushi 40 foizga yetkaziladi. 15 ming nafar texnikum bitiruvchisining bandligi ta’minlanadi. 6 ming talaba dual ta’lim bilan qamrab olinadi. Oliy ta’limning muhandislik, tibbiyot, iqtisodiyot, agrar yo‘nalishidagi 4 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Ushbu maqsadda, tibbiyot ta’limi va turizm rivojlantirilib, mahallalarda tunu kun xizmat ko‘rsatadigan xususiy tibbiyot punktlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu tashabbus “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi saylovoldi dasturidagi maqsad va vazifalarga hamohangligi bilan yanada ahamiyatlidir. Partiya dasturida sog‘liqni saqlash masalasi birinchi navbatdagi ijtimoiy vazifa sifatida belgilangan. Jumladan, partiya aholiga kafolatli tibbiy xizmat ko‘rsatish va sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishni taklif qilgan.

Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbarining Andijon viloyatiga tashrifi doirasida belgilab berilgan inson kapitali, ta’lim va yoshlar siyosati borasidagi yo‘nalishlar vodiy viloyatlari taraqqiyotida ustuvor yo‘nalish bo‘lib xizmat qiladi. Bu galgi tashrif doirasida qabul qilingan qarorlar viloyatdagi intellektual, iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatni oshirish va kelajak avlod uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,

O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.

O‘zA