Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan fuqarolarni chet davlatga ishga jalb qilish va xorijdagi fuqarolar huquqini himoya qilish borasida olib borilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda xorijda ishlayotgan yurtdoshlarimiz va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy qilingan imtiyoz ko‘lamini kengaytirish, chet elda yurtdoshlarimiz haq-huquqini kafolatlash, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini yo‘lga qo‘yish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash joiz, Davlat dasturi asosida ishlab chiqilib, izchil yo‘lga qo‘yilgan chora-tadbirlar tashqi migrantlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammo va ehtiyojini o‘rganish va hal qilish bo‘yicha yangi tizim, yangicha yondashuv joriy etishga xizmat qiladi. Xususan, xorijiy davlatlar mehnat bozori, ish beruvchi talabi doimiy ravishda o‘rganilib, fuqarolar eng talabgir sohalar bo‘yicha mutaxassisliklarga yo‘naltirilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida 340 ta yirik ish beruvchi va rekruting agentligi bilan hamkorlik o‘rnatish yuzasidan muzokara olib borildi.
Ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston Respublikasi, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari hamda Yevropaning qator mamlakatlarida qurilish, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, savdo, umumiy ovqatlanish, kommunal va maishiy xizmat, og‘ir va yengil sanoat, ijtimoiy ta’minot, xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish sohalarida ishchilarga talab yuqori.

Tizimli muloqot natijasida hozirgacha O‘zbekistondan ishchi kuchi jalb qilish bo‘yicha ish beruvchi va rekruting agentliklari bilan 112 ta shartnoma, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilish maqsadida xorijiy davlatlar vakolatli idoralari bilan 22 ta memorandum imzolandi. Hamkorlarning 82 tasida 14 ming 130 ish o‘rni aniqlandi.
- Ayni payt 509 ta xorijiy hamkor bilan kelishuvimiz bor, - deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Afzal Ermatov. - Joriy yil 35 mingga yaqin yurtdoshimiz RF, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Serbiya, Germaniya, Angliya va boshqa davlatlarda manzilli va tashkiliy tartibda ishga joylashtirildi. Ish beruvchi talabi asosida xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borish istagini bildirgan 50,7 ming nafardan ziyod fuqaro 30 ga yaqin mutaxassislik bo‘yicha kasb-hunarga va 6 xil chet tiliga o‘qishga jalb qilindi. “Labor-migration” dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan 2 ming 699 kishi uchun imtihon xarajati hamda 143 nafar fuqaroning yo‘l chiptasi bilan bog‘liq xarajatini qoplash uchun kompensatsiya to‘landi. O‘rganish jarayonida xorijda bo‘lib turgan 266 mingdan ortiq mehnat migrantiga huquqiy, moddiy, ijtimoiy yordam va axborot-maslahat xizmati ko‘rsatildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, yil boshidan buyon xorijdan qaytib kelganlarning 496 ming nafardan ortig‘i “Mahalla – mehnat organi – sektor – Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi filiali” tizimi asosida, mahallalardagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi ko‘magida o‘rganildi. Vaqtincha ishsiz fuqarolar bilan alohida reintegratsiya dasturi bo‘yicha ish tashkil etilmoqda.

Sir emas, xorijdan qaytganlarning ko‘pchiligi qurilish sohasida ishlab, tajriba orttirgan. Ularni respublika bo‘ylab viloyat markazlari, tuman va shaharlardagi yirik qurilish ob’ektlariga ishga joylashtirish chorasi ko‘rilmoqda.
Umuman, bugungi kunda mehnat migrantlariga moliyaviy yordam va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mavjud 14 xil vositadan 6 tasi tadbirkorlik boshlashni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Chet eldan qaytgan ishsiz fuqarolar tadbirkorligi izchil rag‘batlantirilmoqda. O‘z tomorqasidan foydalanish orqali o‘zini o‘zi band qilishi uchun ularga issiqxona qurish, urug‘ va ko‘chat sotib olish, sug‘orish vositasi o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatni qoplash, shuningdek, haq to‘lanadigan jamoat ishiga jalb qilish bo‘yicha mablag‘ ajratilmoqda.
Bundan tashqari “Tadbirkor mehnat migranti” loyihasi doirasida xorijdan qaytib tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lganlarni qisqa muddatli o‘quv kursida moliyaviy savodxonlikka o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Yil boshidan buyon 3,3 ming fuqaro shunday kursni tugatib, tegishli sertifikat oldi
Go‘zal Sattorova, O‘zA