Bu haqda bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, 2025 yilning o‘tgan davri mobaynida tarmoq korxonalari tomonidan jami 255 million dollar miqdorida eksport amalga oshirilgan va o‘sish 117 foizni tashkil etgan. Xususan, eksport qilingan mahsulotlarning 23 foizi metall buyumlar, 10,9 foizi PVX profil, truba va plastmassa mahsulotlari, 9,8 foizi keramika mahsulotlari, 8,8 foizi alyumindan yasalgan qurilish materiallari, 8,4 foizi gulqog‘oz kabi qurilish materiallari ulushiga to‘g‘ri kelgan.
Bugungi kunga qadar eksportga yo‘naltirilgan qurilish materiallari turlari 55 tadan 66 taga oshgan. Eksport geografiyasi esa 51 davlatdan 58 tagacha kengaygan. Tahlillarga ko‘ra, bu mahsulotlarning 23,8 foizi Rossiya Federatsiyasiga, 20,4 foizi Qozog‘istonga, 12,9 foizi Tojikistonga, 11,5 foizi Qirg‘izistonga, 3,7 foizi Belarusga, 2,4 foizi Turkmanistonga, 2,2 foizi Ozarbayjonga, 2,2 foizi AQSHga, 2 foizi Litvaga va 1,9 foizi Estoniyaga eksport qilingan.
– Shu bilan birga, Tailand, Malta, Maldiv, Bangladesh, Meksika, Braziliya, Pokiston, Argentina, Daniya, Islandiya, Angola va Bahrayn kabi yangi davlatlar bozorlarini o‘zlashtirish hisobiga mahsulotlar eksport geografiyasi kengaytirildi. Aksariyat qurilish materiallari bo‘yicha tarmoqda yangi quvvatlar yaratilgani, modernizatsiya ishlari amalga oshirilgani, investitsiya loyihalariga start berilgani va yangi korxonalarning eksportga jalb etilgani hisobiga ayrim turdagi qurilish materiallari eksportini bir necha barobarga oshirishga muvaffaq bo‘lindi. Misol uchun, joriy yil may oyiga qadar 2024 yilning mos davriga nisbatan portlandsement 35 barobarga, DSP, MDF va boshqa plitalar 2,3 barobarga, tabiiy tosh mahsulotlari 1,9 barobarga, alyumindan qurilish materiallari 1,9 barobarga, oyna va undan yasalgan buyumlar 1,5 barobarga, keramika mahsulotlari 1,4 barobarga ko‘p eksport qilindi, – dedi J.Shermetov.
Brifingda qayd etilganidek, uyushma tomonidan 2023 yilda dastlab Ozarbayjonning Boku shahrida “O‘zbekiston savdo uyi” ochilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, Tojikistonning Dushanbe, Afg‘onistonning Qobul va AQSHning Filadelfiya shaharlarida ham shunday savdo maskanlari tashkil etilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA