Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Joriy yarim yillikda 14,3 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi
20:00 / 2025-07-16

2025 yilning birinchi yarim yilligida “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 14 milliard 384 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va reja 101,5 foizga bajarildi.

Shu davrda jamiyat tomonidan investitsiya faoliyatida ham yuqori natijalarga erishildi. Barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan joriy yilda 701,93 million AQSH dollari miqdorida investitsiya o‘zlashtirilishi belgilangan bo‘lsa, yarim yillikda rejalashtirilgan 234,93 million dollar o‘rniga 286,85 million dollar o‘zlashtirilib, ko‘rsatkich 121,7 foizga yetkazildi.

Ayni paytda qator muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Toshkent shahrining issiqlik ta’minoti so‘nggi nuqtalarida joylashgan 6 ta mahallada kogeneratsiya loyihalarini amalga oshirish” doirasida Sergeli tumanining Bog‘bon mahallasini qamrab oluvchi kogeneratsiya qurilmasi yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Yunusobod tumanidagi 4-son issiqlik markazi hududida 100 MVt quvvatga ega gaz-porshenli qurilma, "Tolimarjon IES" AJda umumiy quvvati 900 MVt va "Navoiy IES" AJda 650 MVt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmalarini barpo etish ishlari davom etmoqda.

Mahsulot tannarxini pasaytirish ham jamiyatning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Olib borilgan samarali chora-tadbirlar tufayli 2025 yil yanvar-iyun oylarida mahsulot tannarxi 592,2 milliard so‘mga kamaytirildi va reja 112,8 foizga bajarildi.

2025-2026 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida jamiyat tarkibidagi stansiya va issiqlik markazlarida jami 35 ta energoob’ektda ta’mirlash ishlari belgilangan. Ular qatorida 3 ta energoblok, 24 ta qozon, 3 ta bug‘-gaz, 3 ta gaz-turbina hamda 2 ta gaz-porshen qurilmasi bor.

Fevral oyidan boshlangan mavsumiy tayyorgarlik ishlari doirasida bugungacha 15 ta qurilma, jumladan, 1 ta energoblok, 12 ta qozon va 2 ta gaz-porshen qurilmasi ta’mirdan chiqarildi. Hozirda yana 10 ta qurilmada ta’mirlash ishlari davom etmoqda. 

Mazkur ishlar yakunlangach, 89 MVt qo‘shimcha quvvat va qozon qurilmalarida 45 tonna/soat quvvat oshishi ta’minlanadi.

Shuningdek, “Toshkent issiqlik markazi” korxonasining 9 ta issiqlik markazida jami 13 ta qozon mukammal ta’mirlanmoqda, 47 ta qozon qurilmasida esa joriy ta’mir ishlari olib borilmoqda.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2025 yilning birinchi yarim yilligida 19 ta loyiha asosida 33,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 36,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, reja 109 foizga bajarildi. Import hajmi esa 11,9 million dollarga qisqartirilib, reja 123,1 foizga bajarildi.

Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur tashkilotning yarim yillik faoliyati mamlakatimiz energetika sohasining barqarorligi, ishonchli ta’minoti va texnik salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Ishlab chiqarish hajmining oshishi, investitsiya loyihalarining samarali ijrosi, mahsulot tannarxining pasaytirilishi hamda mahalliylashtirish yo‘li bilan importini qisqartirish kabi ko‘rsatkichlar korxonaning strategik maqsadlariga muvofiqdir.

N.Ziyodullayeva, O‘zA