Energetika sohasida yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini rivojlantirish davlatimiz siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu sohadagi kadrlar tayyorlash, ularni malaka va tajriba bilan ta’minlash, innovatsion g‘oyalarini amalga oshirish imkonini berish mamlakatning barqaror energetika taraqqiyoti hamda strategik rivojlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun D.I. Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent filialida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov yoshlar bilan navbatdagi ochiq muloqotida shu masalalar yechimiga e’tibor qaratdi.
Soha mutaxassislari, talabalar ishtirok etgan ushbu uchrashuvda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov barcha yoshlarni muborak Ramazon oyi bilan samimiy tabriklab, keyingi yillarda mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, munosib mehnat va ta’lim sharoitlarini yaratish borasida izchil islohotlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
Qayd etilganidek, yoqilg‘i-energetika tarmog‘ining ravnaqi mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim hisoblanadi. Shu sababli, sohada amalga oshirilayotgan loyihalar, “yashil” energetikani rivojlantirish bo‘yicha erishilayotgan natijalar va bu boradagi rejalar muhim ahamiyatga ega. Aynan bunday jarayonda yoshlarning bilim va salohiyati va ularning faol ishtirokini ta’minlash ustuvor vazifalardandir.
[gallery-27753]
Bugungi kunda sohada 105 mingdan ziyod ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Shundan 15 ming 85 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlar tashkil etadi. Ularning 237 nafari (shu jumladan, 7 nafar xotin-qiz) rahbarlik lavozimlarida, 3 ming 316 nafari mutaxassis sifatida, 11 ming 532 nafari esa ishlab chiqarish korxonalarida faoliyat yuritmoqda.
Sohada kadrlar zaxirasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2025-yilda 1 ming 358 nafar oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisi ishga qabul qilingan bo‘lsa, 1 ming 18 nafar yigit-qiz kollej va texnikumlarni tamomlab, tarmoq korxonalarida mehnat faoliyatini boshladi. Bu esa yoshlarning energetika sohasiga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Yosh mutaxassislarning tajribasini oshirish maqsadida ular xorijiy davlatlarga xizmat safarlari va malaka oshirish kurslariga yuborilmoqda. Jumladan, 2025-yilning o‘zida 311 nafar xodim xorijda tayyorlov va qayta tayyorlov kurslarida ishtirok etdi.
– Bugun energetika tarmog‘i oldida turgan vazifalar ko‘lami keng va yanada mas’uliyatlidir. Bu vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish, avvalo, bilimli, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan yosh kadrlarga bog‘liq. Shu bois ,vazirlik tizimida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy o‘sishi uchun sharoit yaratish va innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi. Energetika sohasida yoshlar ulushi ortib borayotgani, yangi bitiruvchilarni ishga qabul qilish, xorijiy tajribani o‘rganish va malaka oshirish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilganini alohida aytish zarur. Shu bilan birga, kelgusida yirik energetika loyihalarini amalga oshirishda yosh mutaxassislarning ishtiroki yanada kengayadi va ularning ilmiy-amaliy tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi, – dedi muloqot chog‘ida vazir.
Shuningdek, muloqotda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda yirik quvvatli issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida ham so‘z yuritildi. Oldinda turgan vazifalar keng qamrovli ekani, yoshlarning tashabbus va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan mazkur muloqot yoshlarning fikr va takliflarini eshitish, sohadagi mavjud masalalarga birgalikda yechim izlash hamda yangi g‘oyalarni ilgari surish imkonini bergani bilan ahamiyatlidir.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA