Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati a’zolari, vazirliklar va soha rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining loyihasi bo‘ldi. Ushbu masala bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning Byudjet, iqtisodiy islohotlar, investitsiyalar va innovatsiya masalalari qo‘mitasi raisi Berdibek Seytnazarov ma’ruza qildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Keyingi masala Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida" gi Qonunining loyihasi bo‘yicha Jo‘qorg‘i Kengesning Agrar, suv xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi Anuarbek Jumanazarovning ma’ruzasi tinglandi. Deputatlar ushbu masala yuzasidan ham qaror qabul qilishdi.
[gallery-26759]
Sessiyada shuningdek “Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonuni va tegishli hukumat qarori talablarining bajarilishi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligiga parlament so‘rovini yuborish, Kadastr agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga jismoniy va yuridik shaxslarning yer uchastkalaridan noqonuniy foydalanish hamda xodimlar o‘rtasida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ishlar yuzasidan parlament so‘rovini yuborish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Byudjet, iqtisodiy islohotlar, investitsiyalar va innovatsiya masalalari qo‘mitasi tomonidan qilinayotgan ishlar, 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosi, O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ularda qurilgan imoratlarga bo‘lgan huquqlarni tan olish to‘g‘risida” gi Qonunining Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijro etilishi holati haqidagi masalalar ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining mazkur Qonunini qo‘llab-quvvatlab, vakolatli organlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar hamda ma’lumotlar bo‘yicha, shuningdek, Adliya vazirligining huquqlarni tan olish asosliligi to‘g‘risidagi xulosalari inobatga olinib, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi tan olinayotgan 1 ming 172 nafar fuqaroning ro‘yxati sessiya qarori bilan tasdiqlandi.
Deputatlar "Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi raisini saylash to‘g‘risida"gi masalani ko‘rib chiqdi.Mahmud Yeshimbetov Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining raisi lavozimiga saylandi.
Shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi va qarorlar qabul qilindi.
Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari