Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining yigirma yettinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati a’zolari, sektor hamda tegishli sohalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyada “Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonuni loyihasi haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Qonuniylik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari qo‘mitasi raisi Z.Reymova ma’ruza qildi.
Qonun loyihasida amaldagi 14 qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ushbu qonun loyihasiga muvofiq, “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunining 20-moddasi 6-bandidagi qo‘mitalar atamasiga tegishli o‘zgartishlar kiritish tavsiya etildi.
Qabul qilingan qonunda Jo‘qorg‘i Kengesning ayrim qo‘mitalari nomlariga o‘zgartish kiritish belgilangan edi. Jumladan, Byudjet, iqtisodiy islohotlar va investitsiyalar qo‘mitasi – Byudjet, iqtisodiy islohotlar, investitsiyalar, innovatsiya va turizm masalalari qo‘mitasi, Ijtimoiy-madaniy rivojlanish va jamoat birlashmalari qo‘mitasi – Ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi etib o‘zgartirildi. Yangidan Mahalliy hokimiyatning vakillik va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda davlat organlarining shaffofligini ta’minlash masalalari bo‘yicha qo‘mita tuzildi. Shu munosabat bilan ularning tarkibiga ham qo‘shimchalar kiritildi.
Sessiyada yangidan tuzilgan Jo‘qorg‘i Kengesning Mahalliy hokimiyatning vakillik va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda davlat organlarining shaffofligini ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisini saylash masalasi ko‘rildi. Mazkur qo‘mita raisi lavozimiga deputat, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi apparat rahbari Sharap Otemisov saylandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisini tayinlash sessiyaning navbatdagi masalasi sifatida qaraldi. Unga muvofiq, Sudyalar Oliy Kengashining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan xulosasi asosida Jo‘qorg‘i Kenges Raisining taklifiga binoan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining raisi lavozimiga Kamal Tarixov nomzodi tavsiya etildi. Nomzodning ish faoliyati bilan tanishib chiqqan deputatlar K.Tarixovni Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining raisi lavozimiga saylash hamda uni oldingi ish joyidan bo‘shatish haqida qaror qabul qildi.
Shuningdek, sessiyada boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Mas’ullarning hisoboti tinglandi.
Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.
[gallery-6556]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA