Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarining bo‘shab qolgan o‘ringa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosini saylash bo‘yicha qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.
Qo‘shma majlisni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev ochdi va Saylov kodeksiga muvofiq saylovni o‘tkazish tartib-tamoyillari haqida atroflicha tushuntirish berdi.
Majlisda ishchi hay’ati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zoligiga nomzod ko‘rsatish bo‘yicha maslahat kengashi, majlis kotibiyati, sanoq komissiyasi a’zolari ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylab olindi.
Qo‘shma majlisda maslahat kengashi tomonidan Senat a’zosini saylash bo‘yicha saylov byulleteniga kiritish uchun taklif etilgan 56-“Berdaq” saylov okrugidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev nomzodi muhokama qilindi.
[gallery-8720]
Ochiqlik, oshkoralik bilan o‘tgan muhokama davomida deputatlar nomzodning faoliyati, hayot tajribasi, rahbarlik qobiliyati, vatanparvarligi va insoniy fazilati to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Ochiq ovoz berish orqali maslahat kengashi tomonidan taqdim etilgan nomzodni yopiq yashirin saylov byulleteniga kiritish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Shundan so‘ng Senat a’zosi saylovi bo‘lib o‘tdi. Natijalarga ko‘ra 56-“Berdaq” saylov okrugidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi etib saylandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA