Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jo‘qorg‘i Kenges raisi “Nukus” poligonida maktab bitiruvchilarining mashg‘ulotlarini kuzatdi
17:00 / 2023-04-11

2021 yildan boshlab mamlakatimizda yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik tizimida katta o‘zgarish sodir bo‘ldi. Zero, 2020 yil 20 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda umumta’lim muassasalari 11-sinf o‘quvchilarini “Chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fanidan olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash maqsadida o‘quv yilida bir marta harbiy poligonga olib chiqish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu mamlakatimizda yoshlarni armiyaga tayyorlashda tarixiy voqea sifatida muhrlanib qoldi.

Joriy yil Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 697 ta umumta’lim maktabini tamomlayotgan 11-sinf o‘quvchilaridan 8 681 nafar o‘g‘il bolalar Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug tasarrufidagi “Nukus” umumqo‘shin poligonida bir kunlik boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tab, quroldan amaliy o‘q otish mashqini bajarmoqda.

Yoshlarning dastlabki harbiy tayyorgarlik bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarini kuzatish uchun “Nukus” umumqo‘shin poligoniga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev tashrif buyurdi.

Jo‘qorg‘i Kenges raisi mashg‘ulot oldidan safda mag‘rur turgan yurtimizning kelajakdagi himoyachilarini qutlab, 11-sinf o‘quvchilarining harbiy poligonlarda bir kunlik amaliy mashg‘ulot o‘tishi yo‘lga qo‘yilgani ta’lim-tarbiya yo‘nalishida yangi sahifa ochib berganini ta’kidladi.

Yoshlarni Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov qutlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Jo‘qorg‘i Kenges raisi tomonidan qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun juda katta imkoniyatlar yaratilayotgani, ular tufayli bugun o‘g‘il-qizlarimiz yuksak marralarni zabt etayotganini ta’kidladi.

Bitiruvchi sinf o‘quvchilari jangovar quroldan amalda tayyorlov o‘q otish mashqlarini bajarib, Vatanni himoya qilish, harbiy xizmatga borish va hayotini sharafli kasb bilan chambarchas bog‘lashga bo‘lgan qiziqishi yanada ortib borayotganini e’tirof etdi.

Poligonlarda yaratilgan o‘quv nuqtalarida malakali ofitser va serjantlar rahbarligida yuqori sinf o‘quvchilarining jangovar qurollar bilan muomala qilishi, ulardan foydalanishi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etishi bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. O‘quv nuqtalarida granatalarni uloqtirish, avtomat o‘qdonini patron bilan o‘qlash, aniq mo‘ljalga olishni o‘rganish, turli holatlardan qurolni otishga tayyorlash, avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish kabi mashqlar yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan bajarilyapti.

[gallery-11386]

Birinchi marotaba quroldan amaliy o‘q otish mashqlarini bajargan yoshlar 100 metr uzoqlikda turgan nishonlarga qarata 3 donadan o‘q uzib, maktabda o‘tilgan chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlikdan olgan nazariy bilimlarini amalda mustahkamlash imkoniga ega bo‘lyapti.

Mashg‘ulotlar doirasida o‘rganuvchilarga jangovar texnika va o‘qotar qurol namunalari ko‘rgazmasi ham tashkil etilmoqda. Haqiqiy qurollar bilan tanishuv, ularning jangovar imkoniyatlari va texnik tavsifi haqidagi ma’lumotlar bo‘lajak yurt himoyachilarida katta taassurotlar qoldirmoqda.

Mehmonlar o‘quvchilarning o‘q otish hamda jangovar tayyorgarlikning boshqa amaliy mashg‘ulotlarini kuzatishdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi barchaga xushkayfiyat ulashdi.

Timur NARZIEV,

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug

matbuot xizmati boshlig‘i, podpolkovnik.

O‘zA