Nukusda qo‘l jangi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining kubogi uchun musobaqa bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligiga bag‘ishlangan musobaqada huquq-tartibot idoralaridan hamda Qo‘l jangi federatsiyasidan 100 nafardan ortiq sportchilar ishtirok etishdi.

Musobaqaning final bellashuvlari oldidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tiborga to‘xtaldi va ishtirokchilarga omad tiladi.

Darhaqiqat, bugungi kunda yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni jismonan chiniqqan komil inson qilib tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ikki kun davom etgan musobaqada ishtirokchilar o‘zlarining mahoratini va har tomonlama tayyorgarliklar bilan kelganligini ko‘rsata olishdi.
Keskin bellashuvlar yakunida o‘z vazn toifalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Ularga medallar, qimmatbaho sovg‘alar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining kubogi topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri